17:22 / 20.06.2017
7437

Shvartsenegger: "Iqlimga doir Parij kelishuvidan Amerika xalqi emas, Tramp chiqmoqda"

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning Iqlimga doir Parij kelishuvidan chiqishi to‘g‘risidagi qarori dunyo ahli va Amerika xalqining yorug‘ kelajak va sof energiya manbaiga bo‘lgan intilishini to‘xtata olmaydi. Hollivud yulduzi va Kaliforniyaning sobiq gubernatori Arnold Shvartsenegger Venada bo‘lib o‘tgan iqlim muhofazasiga bag‘ishlangan Avstriya jahon sammitida shunday bayonot bilan chiqdi. TASS agentligi shu haqida xabar berdi. 

"Havoning ifloslanishidan har yili yuzlab odamlar halok bo‘lmoqda, biz iqlimni asrash uchun kurash ishida hamkorlik qilishimiz kerak. Bugungi kelib biz sof energiyaga doir maqsadimizga deyarli erishdik. Mening optimistligim kimnidir ajablantirishi mumkinligini bilaman, ayniqsa prezident Trampning Iqlimga doir Parij kelishuvidan chiqishi haqidagi xabardan keyin", - dedi Shvartsenegger.

U forum qatnashchilarini iqlimni asrash tarafdorlari oxir-oqibat muvaffaqiyatga erishishiga ishontirdi. "AQSh - bu faqat Vashington emas, shtatlar birgina kishidan iborat emas. Bir kishi Parij kelishuvidan yuz o‘girdi, ammo bizning korxonalarimiz, universitetlar, olimlar o‘z pozitsiyasiga sodiq qolishdi, ular Parijdan yuz o‘girishmadi. Amerikaliklarning uchdan ikki qismi Parij kelishuvini qo‘llab-quvvatlaydi, ularning orasida gubernatorlar va korxonalar rahbarlari ham bor", - deya ta'kidladi Shvartsenegger.

"Vashingtonning uzoqni ko‘ra bilmaydigan qarorlari bizni to‘xtata olmaydi. Men barchani ishontirib aytamanki, bir inson bizni to‘xtata olmaydi, bir kishi o‘tmishning iflos energiya manbalarini tiklab, kelajakni o‘zgartira olmaydi. Biz g‘alaba qilamiz va kelajagimiz bilan faxrlanamiz, biz farzandlarimizning kelajagiga zamin yaratamiz", - dedi u.

Shvartsenegger gubernatorlik (Kaliforniya) davrida ko‘plar uning iqlim muhofazasiga doir siyosatini qo‘llab-quvvatlaganini, Vashington esa bunday qilmaganini aytdi. "Biz zararli chiqindilarni kamaytirish, quyosh energiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan standartlarni ishlab chiqqanmiz. Biz chiqindilarni 2020 yilgacha 25 foizga, 2050 yilgacha 85 foizga qisqartirish to‘g‘risidagi umummilliy qonunlarni yaratganmiz. Biz quyosh energiyasini rivojlantirishni taklif qilganmiz, Vashington esa doim bizning bu niyatlarimizga qarshi chiqqan", - deya qo‘shimcha qildi aktyor.

Top