10:12 / 30.06.2017
55215

Qator kollej va litseylarda hujjatlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatildi

Foto: kun.uz

O‘zbekistonning qator kasb-hunar kollej va akademik litseylarida 9-sinf bitiruvchilaridan hujjatlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Uz24.uz o‘rta maxsus ta'lim Markaziga asosan xabar bergan.

Nashr Buxoro, Farg‘ona, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahridagi qator kollej va litseylar bilan bog‘langan. Xabar berilishicha, bitiruvchilar hujjatlari haqiqatdan ham qabul qilinmay turibdi, sababi vazirlikdan tegishli buyruq kelmagan. Samarqand, Qarshi va Nukusdagi alohida kollejlarda bitiruvchilardan hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda.

O‘rta maxsus ta'lim Markazi vakilining so‘zlariga ko‘ra, har yili hujjatlarni qabul qilish 20–30 iyun kunlari o‘tkazilgan. Bu yili 9-sinf bitiruvchilari ota-onalari o‘rtasida ta'limni 11 yillikka qaytarish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov yakunlari hozircha noma'lumligi sabab kollej va litseylar hujjatlarni qabul qilmayapti.

Toshkent shahridagi bir necha maktablar ham nashrga bitiruvchilar shahodatnomasi litsey va kollejlarga topshirilmaganini tasdiqlagan.

«Qonun bilan shahodatnomalar maktab o‘quvchilari qo‘liga topshirilmaydi, ular maktabda saqlanadi. Maktablarda 10–11 sinflar ochilishi bo‘yicha so‘rov natijalari ma'lum bo‘lishi bilan hujjatlarni qabul qilish boshlanadi», — qo‘shimcha qilib o‘tgan markaz vakili.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmatining nashrga xabar berishicha,  o‘rta maxsus ta'lim muassasasida o‘qishni xohlagan bitiruvchi maktabga kelib, o‘qituvchi bilan birga tanlagan kollej yoki litseyiga hujjat topshirishi mumkin. Avvalgi yillardagi kabi bu yil ham hujjatlarni qabul qilish 30 iyunga qadar davom etdi, joriy yilda bu jarayon muddati uzaytirilishi mumkin.

«Hozirda biz 9-sinf bitiruvchilarining ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini tahlil qilmoqdamiz. Natijalar hisob-kitob qilinganidan so‘ng maktablarda 10–11 sinflar ochilishi masalasi ma'lum bo‘ladi», - deya aytib o‘tishgan vazirlik matbuot xizmatidagilar.

Top