19:34 / 20.09.2017
69318

Paxta-2017: Andijonda o‘qituvchilarga terimchi topish topshiriq qilinmoqda

Kun.uz tahririyatiga ma'lum qilinishicha, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Avazbek Ergashev umumta'lim maktab o‘qituvchilaridan paxta mavsumida terimchilarni jalb etishni talab qilmoqda.

Xabar berilishicha, tuman hokimi har bir o‘qituvchidan o‘quvchilarining oila a'zolarini paxta terimiga chiqishga undashni talab qilmoqda va 5 nafardan kam terimchini «ta'minlab» berolmagan maktab o‘qituvchisiga bosim uyushtirilmoqda.

Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Qo‘rg‘ontepa tuman hokimi bilan bog‘landi va quyidagi izohni oldi: «​Men hech qanday talab qo‘ymaganman yo tahdid qilmayapman. Shunchaki, bundan oldin paxta mavsumiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida o‘quvchilarning ota-onasini terimga chiqishga targ‘ibot qilinglar, deb murojaat qilganmiz. Bu hech qanday majburiyat emas. Shu kunlarda o‘tgan yig‘ilishda bunday harakatga chek qo‘yildi»​, deb fikr bildirgan hokim.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, ular har kuni ota-onalarni paxta terimiga chiqishga undamoqda, aks holda kasbiy faoliyatiga putur yetishidan qo‘rqib qolgan. O‘qituvchilar jamoasi 18 centyabr kuni tuman hokimligi binosida kechki soat 22:00da yig‘ilgan o‘qituvchilarga mana shunday topshiriqni shahsan hokimning o‘zi berganini aytishmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Namangan tumani 1-maktab 3-sinf o‘quvchilarining ota-onalaridan paxta mavsumida terimchilarni yollash uchun 20 ming so‘mdan pul talab qilinayotgani haqida Kun.uz'ga xabar berishgandi.

Ayni paytda ushbu vaziyat tuman huquqni muhozafa etish organlari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Top