00:05 / 29.12.2017
41289

Prezident va millat yetakchisining murojaatnomasi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tarixda millat yetakchilarining ta'sirli nutqlari butun davlat va jamiyatlarning hayotini tubdan o‘zgartirganidan xabardormiz. Bu Periklning Afina ahlining sifatlari to‘g‘risidagi nutqi, imperator Petrning Poltava jangi arafasidagi nutqi yoki Avraam Linkolnning Gettisberg nutqi – ularning barchasi xalqlar tarixida yangi sahifani ochishga muvaffaq bo‘lgan. Jon Kennedining qasamyod nutqi noyob effekt hosil qilib, Amerikani o‘zgartirgan. Uinston Cherchillning “Biz kurashamiz” nomli nutqi zamondoshining fikriga ko‘ra “ming qurolga va ming yillik nutqqa” tengdir.

Buyuk notiqning ma'ruzasi uch muhim jihat bilan farq qiladi. Bular uslub, mazmun va o‘zining maqsadli auditoriyasiga o‘tkazgan ta'siridir. Atoqli tarixiy nutqlar oliyjanob qadriyatlarga tayangan holda kelajak hissiyotini ifodalaydi va millat oldida turgan vazifalarni bajarish uchun butun davlat va jamiyat kuchini safarbar etishga da'vat etadi. Pirovardida esa bunday nutqlar millat ongining ajralmas qismi sifatida xotirada saqlanib qoladi. 

“Mamlakat holati” to‘g‘risida murojaatnoma

Hozirda dunyoning yetuk mamlakatlarida davlat rahbarining xalq noiblariga taqdim qiladigan yillik murojaatnomasi amaliyoti mavjud. Misol uchun, AQSh Prezidenti har yili mamlakat Kongressi oldida “Ittifoqdagi holat” («State of the Union») yuzasidan an'anaviy murojaatnoma bilan chiqadi. Bu siyosiy an'ana 1790 yilga borib taqaladi. Unda birinchi prezident Jorj Vashington ilk bor Kongressga murojaat qilgan.

Rossiya Federatsiyasining prezidenti Federal Majlisga mamlakatdagi holat, ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida har yili murojaatnoma taqdim etadi.

2010 yildan beri bunday siyosiy an'ana Yevropa Ittifoqida ham amalga oshirilib kelmoqda. Har yili Yevropa Komissiyasi raisi Yevropa parlamenti vakillari oldida Yevropa Ittifoqidagi holat yuzasidan hisobot beradi.

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi

Mamlakatimiz tarixida ilk bor bu yil yurtboshimiz jonli efirda Oliy Majlisga “Murojaatnoma” taqdim qildi. Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat amaliyotimizda yana bir innovatsiyani joriy qildi. 

Avvalambor, men uchun bu murojaatnoma «dasturiy» bo‘lib, mamlakatdagi holatga xolisona baho bergan. Prezident faktlarni aniq va konkret, qat'iy va adolatli, utopiya va eyforiyaga berilmay bayon qildi. Bu chorak asrli o‘tmishga yangicha qarash bo‘ldi. Nutq nafaqat oliyjanob ideallarga murojaat etdi, balki mamlakat liderining istiqbolga nisbatan strategik qarashlariga asoslangan aniq bayonoti bo‘ldi. Bugungi kunga qadar hamma qabul qilgan statistik raqamlar qayta ko‘rib chiqildi va ularga yangicha yondoshuv qabul qilindi.

Yurtboshimiz umumiy jarayonlarda xususiy tafsilotlarni va xususiy tafsilotlarda umumiy vaziyatni ko‘ra bildi. U milliy masalalar haqida mulohaza va global masalalar haqida mushohada yuritdi. Eng muhimi, davlat rahbari barchasini xalqqa ko‘rsata bildi. 

Nihoyasiga yetayotgan yilni sarhisob qilar ekan, Prezident ham kirib kelayotgan yil, ham yaqin bir necha yilga urg‘u berdi. Chunki aynan yaqin davr ichida biz davlatimiz va xalqimiz kuch va imkoniyatlarini mamlakat taraqqiyoti va dinamik tashqi siyosatni amalga oshirish uchun safarbar qilishimiz kerak. Ushbu murojaatnoma “xalq bilan muloqot” tamoyili hamda taraqqiyot strategiyamiz uzluksiz olg‘a qarab borayotganidan dalolatdir.

Prezident ma'ruzasida urg‘ular shunday qo‘yilganki, barcha davlat idoralari rahbar va xodimlariga o‘z majburiyatlarining mohiyatini qayta idrok etish yuklatilgan.
Axir murojaatnomada bayon etilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lida 2018 yil hal qiluvchi bosqich bo‘lishi kutilmoqda, demak kirib kelayotgan yil, yurtboshimiz ta'kidlaganidek, “biz uchun oson bo‘lmaydi”. Lekin barcha qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan murojaatnomaning umumiy ma'nosi mehnatsevar xalqimizning ulkan salohiyatiga ishonch va optimizmga to‘la edi. O‘zbekiston Prezidenti “tanlagan yo‘limizdan qaytmaymiz”, deb inontirdi.

Xulosa sifatida shuni ayta olamanki, biz ilhom va g‘ayrat bag‘ishlovchi millat liderining murojaatiga guvoh bo‘ldik. Bu shunday ma'ruza ediki, bir shaxsda ham notiq ham davlat arbobining timsoli mujassam bo‘ldi. Bu tarixiy ma'ruzaning chuqur mazmunli ifodasini kontent-tahlilchilar hali ko‘p vaqt o‘rganishadi. Shak-shubhasiz, ushbu murojaatnoma milliy ongimizning yaqin yillar davomida ajralmas qismi bo‘lib qoladi.

P.S.: Yuqorida aytilganidek, O‘zbekiston Prezidentining murojaatnomasi AQSh, Rossiya, Yevropa davlatlarida qabul qilingan amaliyot bilan hamohangdir. Shu bilan birga, bir muhim farqni ham aytib o‘taylik. An'anaga ko‘ra, AQSh Prezidenti saylanganidan keyingi bir yil davomida mamlakatdagi holat yuzasidan Kongressga murojaatnoma taqdim qilmaydi. Bu amaliyot AQShda prezident faoliyatining ikkinchi yilidan boshlanadi. 

Undan farqli o‘laroq, O‘zbekiston Prezidenti faoliyatining birinchi yili yakunida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar hamkorligining ushbu unikal usulini joriy qildi. Bu borada yurtboshimizning ma'ruzasi shaklan innovatsion va mohiyatan zamon talablariga mos keldi.

Sardor Usmonov,
Xalqaro Press-klubning 
Tahlil va monitoring bo‘limi boshlig‘i

Top