23:50 / 19.01.2018
75190

Markaziy osiyolik mehnat migrantlari duchor bo‘lgan 7ta dahshatli avtohalokat

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida yuz bergan avtohalokat natijasida O‘zbekistonning 52 nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Odamlar Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Samara va Qozon shaharlariga ketish yo‘lida avtobus ichida tiriklay yonib ketishgan; faqatgina 5 kishi olov changalidan qutilib qololgan.

Pul ishlash uchun yo‘l olgan yoki, aksincha, o‘z vatanlariga qaytayotgan mehnat migrantlarining yo‘l-transport hodisasiga duchor bo‘lishi tez-tez kuzatilmoqda. Avtohalokatlar ko‘pincha migrantlar yo‘l bosadigan Qozog‘iston yoki Rossiya hududida ro‘y beradi. «Ochiq osiyo onlayn» faqatgina 2017 yilning o‘zida ro‘y bergan eng rezonansli avtohalokatlarni yodga oladi.

Rossiya yoki Qozog‘istonda ro‘y beradigan, O‘zbekiston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston mehnat migrantlari halok bo‘ladigan avtohalokatlar kam uchraydigan hodisa bo‘lmay qoldi. Masalan, o‘tgan yili fojialar deyarli har oy ro‘y berib turdi, ulardan biri — 17 kishining umriga zomin bo‘lgan avtohalokat «Novaya gazeta»ning «Arvoh-avtobus o‘lim bilan yuzma-yuz kelmoqda» maqolasi yozilishiga sabab bo‘ldi. Maqolada mualliflar mehnat migrantlari bilan ro‘y bergan hodisa nega muqarrar bo‘lganini tushuntirib, avtotrassalarda mehnat migrantlarining qurbon bo‘layotganiga bir necha salmoqli sabablari keltirishgan.

Birinchidan, mehnat migrantlarini Rossiya tomon eltayotgan avtobuslar ko‘pincha kerakli hujjatlar — aytaylik, sug‘urta shartnomasiga ega bo‘lmaydi. Shu sababli ular DAN postlarini aylanib o‘tishga majbur bo‘lishadi va bu ishni ko‘pincha tunda amalga oshirishadi. Bu — bunday yo‘nalishlarning halokatli ekanligiga bosh omillardan biridir.

Ikkinchidan, DAN postlarini aylanib o‘tishda yo‘lga sarflanadigan vaqt ortadi, bir necha kun o‘rniga yo‘nalish bir hafta vaqtni olishi mumkin, bu esa haydovchilarning ruhiy va jismoniy holatiga ta'sir o‘tkazmasdan qolmaydi.

Uchinchidan, bunday qatnovlarni amalga oshiruvchi avtobuslarning resurslari allaqachon tugab bo‘lgan bo‘ladi, biroq hech kim ularning holatiga e'tibor bermaydi.

Bularning barchasi va boshqa sabablar Qozog‘iston va Rossiya trassalarida fojialar qo‘rqinchli ketma-ketlikda sodir bo‘lishiga olib kelmoqda. O‘zingiz xulosa chiqaring.

2017 yil, yanvar

Foto: AKIpress

Nijniy Novgorod – Saratov trassasida yirik avtohalokat sodir bo‘ldi. O‘shanda yuk mashinasi miniven bilan to‘qnashib ketgandi. Avtohalokatda yuk mashinasi haydovchisi aybdor deb topilgan, u rulda uxlab qolgan. Voqea natijasida 7 kishi halok bo‘lgan, jumladan, minivenda Qirg‘izistonning mehnat muhojirligidan uyiga qaytayotgan to‘rt fuqarosi.

 

2017 yil, fevral

Foto: Life

Saratov viloyatida ro‘y bergan YTHda Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lishdi. Ular Rossiyada mehnat migranti bo‘lishgan va migratsion qonunchilikni buzmaslik uchun Qozog‘istonga bir kirib qaytishni mo‘ljallashgan. Fojia Saratov oblastining Tarumovka qishlog‘i yaqinida ro‘y bergan, Kia Rio avtomobili yo‘lning qarama-qarshi polosasiga chiqib ketib, Nissan Almera bilan to‘qnashgan. Har ikki haydovchi voqea joyida jon bergan. Kia Rio’da O‘zbekistonning to‘rt nafar, Tojikistonning ikki nafar fuqarosi bo‘lgan. Ularning ikki nafari ayol edi. Barcha vafot etgan.

 

2017 yil, aprel

Foto: Life

Leningrad viloyatida ro‘y bergan avtohalokatda 15 kishi jabrlangan. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va ukrainalik mehnat migrantlari olib ketayotgan mikroavtobus «KamAZ» bilan to‘qnashgan. Jabrlanganlarning ko‘plab a'zolari sinadi va lat yeydi.

 

2017 yil, iyun

Foto: Novosti Volgograda

Yarim yil muqaddam, 2017 yil yozida Aqto‘be viloyatida tunov kungi avtohalokatga o‘xshash voqea ro‘y bergan edi. Volgograddan Chimkent tomon kelayotgan ikki qavatli Mercedes avtobusi ag‘nab ketadi. Yo‘l-transport hodisasi Samara – Chimkent trassasining 946-kilometrida, Qorabutoq aholi punktidan 20 km uzoqlikda ro‘y beradi. Avtobusda 52 kishi bo‘ladi, ularning 50 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Qozog‘iston fuqarolari. To‘qqiz nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ladi, 18 kishi, jumladan, bir qozog‘istonlik turli darajadagi tan jarohatlarini olishadi.

 

2017 yil, iyul

Foto: Openasia

Tolyattidan Sizranga eltuvchi avtomobil yo‘lida o‘limga sabab bo‘lgan YTH ro‘y beradi va unda Tojikistonning to‘rt fuqarosi halok bo‘ladi. Mehnat migrantlarini mindirib olgan Hyundai Solaris Tolyattidan Sizran tomon harakatlanib kelayotgan edi. Aniqlanmagan sabablarga ko‘ra u yo‘lning qarama-qarshi polosasiga chiqib ketadi va Renault Magnum yuk mashinasi bilan to‘qnashadi.

Vafot etganlarning barisi, shuningdek, jarohatlangan bir kishi ham Tojikiston fuqarolari edi.

 

2017 yil, oktabr

Foto: NTV

Besh nafar qurbon, olti kishi reanimatsiyada — 2017 yilning 30 oktabrida Nijniy Novgorod – Saratov yo‘lida ro‘y bergan dahshatli avtohalokatning oqibatlari shu bo‘ldi. Tungi soat o‘nlarda Saratov viloyatining Petrovsk tumanida «Folksvagen Karavella» mikroavtobusi «KamAZ» yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketadi.

Zarba mikroavtobusning qoq old qismiga to‘g‘ri keladi. Ikki kishi voqea joyida vafot etgan, yana ikki kishi shifoxonaga borishda, yana biri shifokorlarning qo‘lida jon beradi. Ularning barchasi tojikistonlik mehnat migrantlari edi.

Mikroavtobus salonida olti kishining joni omon qoladi, lekin ularning barchasi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqiziladi.

 

2017 yil, oktabr

Foto: Vladimir viloyati politsiyasi

O‘tgan yilning oktabrida Rossiyaning Vladimir viloyati ro‘y bergan hodisa ham barchani dahshatga solgan edi. Migrantlar ketayotgan avtobus Pokrov shahridagi temir yo‘l o‘tkazmasida to‘xtab qoladi. Avtobus salonida 57 kishi bo‘ladi: qozog‘istonlik ikki haydovchi va 55 yo‘lovchi (yo‘lovchilarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari). Yo‘lovchilardan ayrimlari tushib, avtobusni yo‘ldan siljitishga harakat qilishadi, lekin ulgurishmaydi. Unga Peterburgdan Nijniy Novgorod tomon ketayotgan yo‘lovchi poyezdi lokomotivi kelib uriladi. Avtobus salonida 17 kishi, jumladan, 2 nafar bola qolgan edi. Ularning barchasi halok bo‘ladi.

Mavzu
Aqto‘beda fojia

Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusi yonib ketishi oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘ldi. Ular O‘zbekiston fuqarolari edi

Barchasi
Top