10:32 / 06.03.2018
9980

Sportda iste'dodli yoshlarni saralash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi

Foto: UZA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmon bilan quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirish va iste'dodli yoshlarni saralash (seleksiya) sohasida ta'lim muassasalarining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

maktabgacha ta'lim muassasalarida – boshlang‘ich gimnastika va harakatli o‘yinlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish orqali jismoniy rivojlantirish hamda salomatlikni mustahkamlash uchun tarbiyalanuvchilarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga qiziqishni shakllantirish;

umumta'lim maktablarida – o‘quvchilar orasidan jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini jalb qilgan holda iste'dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy sport musobaqalarida ishtirok etish uchun sinfdan tashqari sport to‘garaklari va seksiyalari mashg‘ulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 4 soatdan);

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida – o‘quvchilar orasidan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport turi bo‘yicha trenerlarni jalb qilgan holda iste'dodli yoshlarni saralash va ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy hamda respublika sport musobaqalarida ishtirok etish uchun olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha sinfdan tashqari sport to‘garaklari hamda seksiyalari mashg‘ulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 6 soatdan);

oliy ta'lim muassasalarida – iste'dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) va sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalari hamda respublika oliy sport mahorati maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha talabalar sport klublari hamda jamoalarini tashkil etish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktori) hamda oliy ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va kafedra mudiri lavozimlariga xalqaro darajadagi sport musobaqalari g‘oliblari tayinlanishi mumkin;

davlat maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari,
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktori) lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish Vazirlik bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi;

oliy ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (kafedra mudirlari)ni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Vazirlik tomonidan oliy ta'lim muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan tanlov natijasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri tomonidan amalga oshiriladi;

jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktor va kafedra mudirlari)ning ish faoliyati samaradorligini baholash o‘quvchi (talaba)larni jismoniy va kasbiy tayyorgarligi hamda ular orasidan iqtidorli sportchilarni tanlash (seleksiya)da, eng avvalo, erishilgan aniq natijalarni hisobga olgan reyting tizimi asosida amalga oshiriladi; 

jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor va kafedra mudirlari)ni moddiy rag‘batlantirish ular faoliyatining shaxsiy ko‘rsatkichlarini reyting tizimida baholashga asosan amalga oshiriladi;

tuman (shahar) sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining yagona kalendar rejalari tegishli tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi;

umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hamda oliy ta'lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini hamda ishtirokchilarni kiyim-kechak bilan ta'minlashni moliyalashtirish tegishliligi bo‘yicha “Yoshlik”, “Barkamol avlod” va “Talaba” jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hisobidan amalga oshiriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar, trenerlar va boshqa sport mutaxassislarini tayyorlash hamda olimpiya sport turlarini rivojlantirish qismi bo‘yicha jismoniy tarbiya va sport sub'yektlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Vazirlikning olimpiya sport turlarini rivojlantirishga mas'ul bo‘linmalari rahbarligiga nomzodlar O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi bilan majburiy ravishda kelishiladi;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari olimpiya zaxiralari maxsus maktab-internatlari rahbarlarini tanlash, tayinlash va attestatsiya qilishda, mazkur maktablarga yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilish kvotalarini kelishishda hamda sportchilarni xalqaro sport musobaqalariga yuborishda ishtirok etadi;

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash doirasida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari uchun ajratilayotgan homiylik mablag‘lari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida jamlanadi hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini maqsadli moliyalashtirishga, shu jumladan yetuk xorijiy sportchi va trenerlarni jalb qilish uchun sarflanadi;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Vazirlik bilan hamkorlikda yuqori malakali xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislarni olimpiya tayyorlash markazlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa sport tashkilotlarining o‘quv-mashg‘ulot jarayonlariga keng jalb qilishni ta'minlaydi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

Samarqand viloyati Samarqand tumanida universal olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o‘tkazish markazi;

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Aziya-Chimgan” mehmonxonasi negizida milliy terma jamoalar uchun universal olimpiya tayyorgarligi markazi;

Jizzax viloyati Zomin tumanida “Aloqachi” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida gimnastika sport turi bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;

Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport o‘yinlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Gulnora” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida sport yakkakurashlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilayotgan markazlar tasarrufida bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu obektlarni barcha bino va inshoot majmualari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Top