23:40 / 13.03.2018
16811

AQShning yangi davlat kotibi haqida nimalar ma'lum?

© AP Photo/J. Scott Applewhite

AQSh prezidenti Donald Tramp Reks Tillersonni Davlat departamenti rahbarligidan oldi va uning o‘rniga Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori Maykl Richard «Mayk» Pompeo tayinladi.

«MRB direktori Maykl Pompeo bizning yangi davlat kotibimiz bo‘ldi. U yangi lavozimida fantastik darajada ishlaydi!», deya yozdi Tramp. Pompeo o‘zidan avvalgi Reks Tillerson kabi diplomatik lavozimda barchasini noldan boshlaydi, unda bu sohada tajriba yo‘q, ammo u sobiq davlat kotibidan farqli ravishda Vashingtonda maxfiy xizmatlarda to‘plangan ko‘p yillik tajriba bor. Quyida AQShning endilikda tashqi siyosatidagi asosiy shaxsining biografiyasi, siyosiy yo‘li va qarashlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar keltiriladi.

GDR chegaralaridan Kaliforniyagacha
Maykl Pompeo 1963 yilning 30 dekabrida Kaliforniya shtatining Orinj shaharchasida dunyoga kelgan. U qo‘shni Santa-Ama shaharchasidagi «Los-Amigos» maktabida o‘qigan. 19 yoshida u Nyu-York shtati, Vest-Poyntdagi harbiy akademiyaga hujjat topshirib, o‘qishga kiradi. 1986 yili Pompeo 973 nafar bitiruvchi orasida mashinasozlik borasida eng yaxshi darajali talaba bo‘ladi.

Harbiy akademiyani tamomlaganidan keyin Pompeo harbiy xizmatga ketadi va 5 yilini armiyada, Germaniya Federativ respublikasining Germaniya Demokratik respublikasi bilan chegara hududida o‘tkazadi. 1991 yili kapitan Pompeo armiyadan ketadi.

Harvarddan kosmik sanoatga
Armiyadagi xizmatdan qaytib kelgach, Pompeo dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lmish — Harvard universitetiga o‘qishga kiradi. 1994 yili u yuridik fanlar doktori darajasini oladi. Tahsil chog‘ida u Harvard Law Review jurnalida muharrir bo‘lib ishlaydi. Keyingi ikki yarim yilni Pompeo Kolumbiya okrugi, Vashington shahridagi Williams & Connolly yuridik firmasidagi ishiga bag‘ishlaydi.

34 yoshida u aviatsiya, mudofaa va kosmik sanoat uchun qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan Thayer Aerospace & Private Security kompaniyasiga asos soladi. Kompaniyada u 2006 yilgacha ishlaydi, keyin o‘z ulushini Thayer ga sotib, neft qazib olish uchun jihozlar ishlab chiqaruvchi Sentry International kompaniyasi prezidenti sifatida ish boshlaydi. 2010 yilda esa u siyosatga qadam qo‘ydi —  Kanzas shtatidan Vakillar palatasiga saylanadi. O‘shandan buyon u 4 marta Kongressdagi saylovlarda g‘olib chiqdi va ultrakonservatorlar qanotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biriga aylandi.

Kongressdan MRBga
2010 yilda hech qanday siyosiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lmagan Pompeo avvaliga Respublikachilar partiyasida praymerizda g‘olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi, keyinroq Kanzas shtatida 4-saylov okrugida 58,8 foiz saylovchining ishonchini qozonib, Vakillar palatasiga saylanadi.

Keyin u uch marta qayta saylandi (Vakillar palatasiga saylovlar har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi), u har safar Demokratik partisidan bo‘lgan raqibini 30 foizdan ortiq farq bilan ortda qoldirardi. Vakillar palatasida energetika va savdo bo‘yicha, shuningdek, razvedka bo‘yicha qo‘mita (MRB qoshidagi) tashkil etiladi.

2014 yilda u maxsus qo‘mita tarkibiga kiradi, qo‘mita 2012 yilning 11 sentabrida Liviyaning Bengaziyadagi konsulligiga uyushtirilgan hujumni tekshiradi. Bu hujum oqibatida AQShning 4 nafar fuqarosi halok bo‘lgandi, jumladan, elchi Jon Kristofer Stivens. Pompeo va uning partiyadoshi Jim Jordan o‘sha vaqtdagi Davlat kotibi Hillari Klinton Amerika maxsus xizmatlari xodimlari xavfsizligini yetarli darajada ta'minlamagani uchun tanqid qilingan doklad bilan chiqishadi. Ular Klintonni Liviyadagi voqealar haqida ma'lumotlarni sir tutishda ayblaydi.

2016 yilning noyabrida AQSh prezidentiga aylangan Donald Tramp Pompeoga Markaziy razvedka rahbari lavozimini beradi. Uning nomzodi Senatda o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra tasdiqdan o‘tadi (66 kishi ma'qullaydi, 32 kishi qarshi chiqadi). MRB direktori sifatida u qiynoqlar qo‘llanishiga qarshi qonunga rioya etishi, boshqarma faoliyati haqida Senat qoshidagi maxsus qo‘mitani xabardor qilib borishi va Eron bilan yadroviy kelishuvning amaldagi ijrosi uchun obektiv tahlillarni taqdim etishi kerak edi.

Siyosiy qarashlar. Ichki siyosat
Pompeo 2009 yili tuzilgan «Choyxo‘rlik» harakati («partiya ichidagi fillar»ning konservativ-libertarian qarashlarga ega kishilar tomonidan tuzilgan) a'zosi bo‘lib, soliqlar va davlat xarajatlari qisqartirilishini talab qiluvchilar tomonida.

Ichki siyosat masalasida Pompeo barcha respublikachilar kabi ayricha qarashlarga ega. Xususan, u abortlarni taqiqlash tarafdori, Tramp yaqinda bekor qilgan Barak Obama davridagi sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarga qarshi bo‘lgan, u shuningdek, global isish oqibatlari haqidagi ogohlantiruvchi bashoratlarga ishonmaydi va shaxsiy qurolga ega bo‘lishga qarshi cheklovlarga qarshi hisoblanadi.

2013 yil aprelida amalga oshirilgan Boston teraktidan keyin Pompeo Vakillar palatasidagi yig‘ilishlardan biridan keyin musulmonlar diniy rahnamosini terrorchilikni jiddiy ravishda qoralamagani uchun ayblagandi. O‘shanda Amerika nashrlari unga «islom bilan kurashuvchi jangchi» degan tamg‘a yopishtirishgadi.

Tashqi siyosatdagi qarashlar
Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari sifatida Pompeo Rossiya «dunyodagi nufuzini agressivlik bilan tiklab borayotgani» haqida gapirgan, shuningdek, «Yevropaga tahdid qilayotgani», «IShID jangarilariga qarshi amalda hech ish qilmayotgani» haqida ta'kidlagandi.

2017 yil iyulida u Kolaroda shtatidagi Aspene shaharchasida xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada Moskva Suriyadagi inqirozni bartaraf etish harakatiga AQShni yana bir bor «tuzlab qo‘yish» uchun qo‘shilganini aytgandi. Shu bilan birgalikda u «ruslar Suriyaga kirishiga yo‘l qo‘yish» mintaqadagi kuchlar muvozanati keskin o‘zgarishi va «hudud aholisining hayoti yanada qiyinlashishi»ga olib kelganini qayd etgandi. MRB direktori o‘shanda «Rossiyani AQShning dushmani deb hisoblaysizmi?» degan savolga batafsil javob bera olmagan, «bu qiyin mavzu» ekanini aytish bilan kifoyalangandi.

Mavzuga oid
Top