12:45 / 12.04.2018
88048

Toshkentning sobiq hokimi vazir bo‘ldi

Foto: olmazor.toshkent.uz

Olmazor tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev yangi tashkil etilgan Qurilish vazirligiga rahbar etib tayinlandi. Bu ma'lumot «Kun.uz» manbasi tomonidan tasdiqlandi.

2005—2011 yillarda Toshkent hokimi bo‘lgan Abduqahhor To‘xtayev 2013—2016 yillarda «O‘zLITIneftgaz» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. 2016 yil kuzida Shavkat Mirziyoyev uni Jizzax shahri hokimi etib tayinlagandi, 2017 yil aprelida esa Abduqahhor To‘xtayev Toshkentning Olmazor tumaniga hokim etib tayinlandi. 

O‘zbekiston Qurilish vazirligi prezidentning «Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tashkil etilgandi.

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi negizida Qurilish vazirligi tashkil etildi va quyidagilar uning vazifalari etib belgilandi:

  • shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;
  • respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;
  • shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;
  • loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;
  • shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;
  • arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilash, qurilish sohasida, jumladan, chet eldagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Vazirlik markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 81 nafar etib belgilandi. Hududiy bo‘linmalarda esa 796 kishi ishlaydi. Idoraga Vazirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda Ta'lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bazasida tashkil etilgan) mablag‘lari hisobidan shtatni oshirish huquqi berilgan.

Top