16:16 / 16.04.2018
76285

Putin Suriya bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: kremlin.ru

Rossiya va Eron prezidenti Vladimir Putin hamda Hasan Ruhoniy telefon orqali o‘zaro muloqotda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning Suriyaga raketa zarbalarini muhokama qildi. Ular «bu noqonuniy harakatlar Suriyadagi vaziyatga siyosiy yechim topishga jiddiy zarar keltirishi mumkin» degan xulosaga keldi.

«Vladimir Putin, xususan, agar BMT Nizomini buzuvchi bunday harakatlar davom etaversa, u holda bu xalqaro munosabatlardagi tartibsizlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi», - deyiladi Kreml saytidagi xabarda.

Bundan tashqari, Eron va Rossiya rahbari telefon muloqotida Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatni, shu jumladan, Yamandagi holatni muhokama qildi. Shuningdek, ular ko‘p qirrali Rossiya-Eron hamkorligini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Suriyadagi Rossiya obektlariga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqqani xabar berilgandi.

 

Top