20:29 / 27.05.2018
22331

Manba: Saloh 2 oyga safdan chiqqan. U jahon chempionatiga bormaydi

«Liverpul»ning misrlik yarim himoyachisi Muhammad Saloh ikki oy muddatga safdan chiqqan va u Rossiyadagi jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Sport qo‘mitasi rahbari Turkiy al-Shayx ma'lumot bergan.

«Chuqur afsus bilan ma'lum qilamanki, futbol yulduzi Muhammad Saloh jarohat tufayli ikki oy maydonga tusha olmaydi. Bu esa u jahon chempionatida bizga qarshi o‘yinda ishtirok etmasligini bildiradi. Unga sog‘lik tilaymiz», deya al-Shayxning so‘zlarini keltirgan AS nashri.

25 yoshli ushbu futbolchi Chempionlar ligasi finalida «Real»ga qarshi uchrashuvning birinchi bo‘limida jarohat olib, maydonni tark etgandi.

Oxirgi xabarlarda uning tiklanishi uchun 3 hafta vaqt ketishi, u jahon chempionatiga borishi, lekin guruh bosqichida Urugvayga qarshi kechadigan birinchi o‘yinni o‘tkazib yuborishi aytilgandi.

Futbolchining chap yelkasida bo‘g‘imlar uzilgani taxmin qilinmoqda. Dushanba kuni u to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shifokorlar unga aniq tashxis qo‘yishadi.

Ma'lumot uchun, Misr terma jamoasi JCh-2018 guruh bosqichida Rossiya, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga raqib bo‘lgan.

Top