22:32 / 14.06.2018
27390

Ayol kishi boshchilik qilgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2018 yil 30 mart kunidagi (qonuniy kuchga kirgan) hukmi bilan ayol kishi boshchiligida bir necha og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilgan uyushgan jinoiy guruh a'zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ushbu guruhning faoliyatiga uzil-kesil chek qo‘yildi.

Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh Buxoro viloyatida asosan yolg‘iz yashovchi, moddiy tomonlama imkoniyatlari yaxshi fuqarolarga tegishli bo‘lgan, eng asosiysi kirish qulay va xavfsiz bo‘lgan xonadonlarni aniqlash, ushbu xonadonlardagi pul va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlik, vaziyatga qarab bosqinchilik yo‘li bilan egallash maqsadida tuzilgan. 

2017 yil 15 sentabr kuni jinoiy guruh Buxoro shahri, “Zafarobod” ko‘chasi, 3-uyda yashovchi fuqaro G.Jumayevaning uyiga borishgan. I.Norov, R.Xolov va F.Boboyevlar qurollangan va yuzlariga niqob taqqan holda uyning tomidan oshib G.Jumayeva uxlab yotgan xonaga kirishgan. Ular G.Jumayevaga hujum qilib, uning qo‘l-oyoqlarini bog‘lashgan va ovoz chiqarmasligi uchun og‘zini “skotch” bilan berkitishgan. G.Jumayevaning tanasini turli sohalariga urib, tepib, uyali telefonlarni quvvatlantiruvchi “zaryadnik”ning simi bilan bo‘ynidan bug‘ishgan va pichoq tirab o‘ldirishni aytib qo‘rqitishgan.

Shu kuni bosqinchilar G.Jumayevaning uyidan jami 254.342.600 so‘mga teng bo‘lgan tilla taqinchoqlar, AQSh dollari va pullarni olib ketishgan. Qo‘lga kiritilgan “o‘lja”ni uyushgan guruh a'zolari o‘zaro taqsimlashgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatishgan.

Bosqinchilarning jinoyatlari sud majlisida to‘liq o‘z isbotini topdi va ushbu uyushgan jinoiy guruh a'zolarining har biriga qonun doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Buxoro viloyat sudi sudyasi
A.Allayev

Top