12:29 / 14.06.2018
21365

Tayloqdagi koreys investori bilan bog‘liq masala: MIBda ikkita ijro varaqasi bor

KUN.UZ saytida samarqandlik bloger Mirzo Subxanovning janubiy koreyalik investorga tegishli, sud tomonidan unga qaytarib berilishi haqida qaror chiqqan, Majburiy ijro byurosi Tayloq tuman bo‘limi tomonidan xatlangan mol-mulki talon-toroj etilayotgani haqidagi blogposti ko‘chirib bosilgan edi.

Ushbu ma'lumotlar saytimizda e'lon qilingach, Majburiy ijro byurosi blogpostda ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tahririyatga raddiya taqdim etdi.

Biz ushbu voqeani o‘zimiz chuqurroq o‘rganishga qaror qildik.

O‘zi nima bo‘lgan?

Tayloq tumanidagi «Ideal Klass Qurilish» MChJ Janubiy Koreyadagi «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd bilan 2014 yildagi shartnomasi asosida 312 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan, toshni shag‘alga aylantiruvchi uskunalarning butlovchi qismlarini olib kirish borasida shartnoma imzolaydi. «Ideal Klass Qurilish» MChJ «Hamkorbank»dan 100 ming AQSh dollari kredit olib, uni Janubiy Koreya firmasiga o‘tkazib beradi.

Koreys tadbirkorlar 312 ming dollarlik mahsulotlarni yetkazib beradi va og‘zaki kelishuv asosida 212 ming dollari hisobiga korxonaning ustav fondiga kirib, qo‘shma korxona tuzishmoqchi bo‘lishadi. Koreys firmasi vakilining sudda aytishicha, keyinchalik tayloqliklar va'dasiga vafo qilishmaydi, orada ziddiyat kelib chiqadi.

«Ideal Klass Qurilish» MChJ ta'sischisi va direktori Jamshid Isrofilov sudda uskunalarning o‘zi narxi 100 ming AQSh dollari bo‘lganini e'tirof etadi. Biroq Davlat bojxona qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasining ma'lumotnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonga «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd tomonidan aynan 312 ming dollarlik uskunalar olib kirilgan.

Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 2017 yil 5 maydagi qaroriga ko‘ra, «Ideal Klass Qurilish» MChJ tomonidan foydalanib kelinayotgan 312 ming dollarlik uskuna «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd ishonchli vakiliga qaytarilishi; «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd esa uskuna uchun bank orqali ko‘chirib berilgan 100 ming AQSh dollarini «Ideal Klass Qurilish» MChJga qaytarib berishi lozim.

Ish 2017 yil 6 iyundan ijroga o‘tgan. Bu orada «Ideal Klass Qurilish» MChJ sud qaroridan norozi bo‘lib, ariza yozgan va sud kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan va 2017 yil 8 sentabrda birinchi instansiya sudi chiqargan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.

MIBga nima e'tiroz?

«Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd ishonchli vakili, janubiy koreyalik An Sung-Hoga ko‘ra, dastlabki marta 2017 yil iyun oyida xatlanib, muhrlangan uskunalar «Ideal Klass Qurilish» MChJ tomonidan muntazam ravishda ishlatib kelingan.

Biz voqea joyiga borganimizda uskunalar 2018 yil 30 may sanasi bilan muhrlanganiga guvoh bo‘ldik. Holbuki, murojaatchilarning fikricha, muhr ijro kuchga kirgan sana — 2017 yil 6 iyundan boshlab muhrlangan, ular sud qaroriga ko‘ra egasiga qaytarilguniga qadar ishlatilmayotgan bo‘lishi kerak edi.

MIB Tayloq tumani bo‘limi boshlig‘i Umid Mardonovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, so‘nggi marta uskunalar 2018 yil 16 yanvar kuni muhrlangan va «Ideal Klass Qurilish» MChJga og‘zaki ravishda ogohlantirish berilgan. Undan oldingi — 2017 yilgi muhr buzilishini esa kuchli yomg‘ir ostida qog‘ozlarning ivib, yirtilib ketishi bilan tushuntirdi MIB Samarqand viloyat boshqarmasi sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish bo‘limi katta inspektori Odil To‘xtayev.

An Sung-Hoga ko‘ra, uskunalarning sud qaroridan keyin ham ishlatilishi javobgar tomonidan noqonuniy daromad topish va uskunalarning eskirishiga sabab bo‘lgani vaj sifatida keltirilmoqda.

Garchi uskunalar 30 may sanasi bilan muhrlangan va ular ishlatilmay turganiga 13 iyun kuni guvoh bo‘lgan esak-da, M.Subxanov blogpostini e'lon qilgan 2018 yil 3 iyun sanasidan bir kun avval — 2 iyun kuni ham uskunalar ishlab turgani videosini o‘z blogida joylashtirgan va bunga guvohlari ham borligini aytmoqda. Bu esa uskunalar orqa sana bilan muhrlangan, degan da'voni keltirib chiqarmoqda.

2018 yil 5 iyun kuni Tayloq tuman ma'muriy sudi qaroriga ko‘ra, Tayloq tuman Dehqonobod MFYda saqlanayotgan 312 ming dollarlik tosh maydalovchi uskunalarning muhrini buzib, ishlatgani uchun «Ideal Klass Qurilish» MChJ direktori J.Isrofilovga 2 minimal ish haqi miqdorida jarima ko‘rinishidagi ma'muriy jazo qo‘llanilgan.

Ushbu jazoni uskunalarga yopishtirilgan muhrni birinchi buzishdayoq qo‘llash uchun nima to‘sqinlik qilgan, degan savolni o‘rtaga tashlashmoqda murojaatchilar. Muhr buzilganidan so‘ng asbob-uskunalar qayta inventarizatsiya qilinmagan, degan vajni keltirishmoqda ular.

Biz o‘rganganimizda…

Mirzo Subxanov o‘z blogpostida Samarqand viloyat xo‘jalik sudi o‘sha sud qarori bilan «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd’dan 100 ming AQSh dollarini «Ideal Klass Qurilish» MChJga qaytarib berish haqida ham ijro varaqasi chiqarib bergani haqidagi ma'lumotni tashlab ketgan. Tan olish lozim, bu faktning yashirilishi Tayloq tuman MIB «Ideal Klass Qurilish» MChJga «yeng ichida» yordam qilmoqda, degan noto‘g‘ri xulosaning kelib chiqishiga xizmat qilgan.

Majburiy ijro byurosi tomonidan tahririyatimizga taqdim etilgan raddiyada ijro harakatlari parallel ravishda amalga oshirilishi tomonlarga bir necha marta ma'lum qilingani haqida yoziladi. Ularning bir vaqtda ijro etilishi bir-biriga to‘sqinlik qilmasligi bildirib o‘tilgan.

Biroq, sud qarorida bu o‘z aksini topmagan va ijro harakatlari alohida-alohida amalga oshirishi ham bir biriga aslo xalaqit bermaydi, deydi bloger.

Ya'ni, M.Subxanovning da'vosiga ko‘ra, MIB «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd’dan 100 ming AQSh dollarini undirishga urinib ishni chigallashtirmoqda.

Paradoks holat yuzaga kelgan

MIB Tayloq tumani bo‘limi boshlig‘i Umid Mardonovning aytishicha, «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd’ning O‘zbekistonda mol-mulki yo‘q. Idorasi ham yo‘q. Faqat bir nafar ishonchli vakil bilan ishtirok etmoqda.

«Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd’ning ishonchli vakili An Sung-Hoga MIB tuman bo‘limi qoshida xorijiy valyutada depozit hisob-raqam ochilib, 100 ming AQSh dollarini to‘lashi, so‘ngra uskunalarni olishi mumkinligi aytilgan. Biroq koreys tomoni pulni to‘lashni istamayapti. Ular uskunani olib, sotib, keyin 100 ming dollarni qaytarib berishmoqchi.

Endi o‘zingiz o‘ylang: hozir sud qaroriga ko‘ra «Ideal Klass Qurilish» MChJ foydasiga 100 ming dollar undirilmasdan, koreyslarga uskuna qaytarib berilsa — ular hech kimga bildirmasdan xaridor topib, 100 ming dollarni to‘lamasdan yurtimizdan chiqib ketishsa — hamon o‘sha kreditni yopayotgan «Ideal Klass Qurilish» MChJning zararini kim qoplaydi? (Bularning O‘zbekistonda hech qanday ofisi yoki vakolatxonasi yo‘qligini esdan chiqarmang). Shu sababli, MIB koreyslarning unadigan yagona narsasini «garov»ga olib turibdi.

Nima qilmoq kerak?

Ayni vaziyatda eng oson va to‘g‘ri yechim — uskunani auksionda sotish, javobgarning ulushidan da'vogarga zararlarni qoplab, bo‘lib berishdir. Biroq xo‘jalik sudining qarori bunga izn bermaydi. Davlat tashkiloti kafolatlab turganda nega 100 ming dollarni koreyslar depozitga kiritib qo‘yishdan bosh tortayotgani ham jumboq. Ishlatilib, eskirgan uskunalarni baribir Koreyaga qaytarib olib ketisholmasligi aniq.

Majburiy ijro byurosi tomonidan Kun.uz tahririyatiga taqdim etilgan raddiyada bloger masalaga bir tomonlama yondashgani va ma'lumotlar asossiz ekanligi qayd etilgan.

Lekin bloger chindan ham koreys tadbirkorini manfaatlarini himoya qilib, masalaga bir tomonlama yondashgan (masalan, sud qarorida koreys firmasi 100 ming dollarni qaytarishi kerakligi haqida band bo‘lsa-da, uni ko‘rsatib o‘tmagan) bo‘lsa-da, asosli ma'lumotlarni ham keltirgani oydinlashmoqda. Chunki so‘nggi sana — 2 iyunga qadar MIB tomonidan muhrlangan uskunalar «Ideal Klass Qurilish» MChJ tomonidan ishlatib kelingan va bunga qarshi chora qo‘llashda Tayloq tuman MIBi sustkashlikka yo‘l qo‘ygan.

Ayni paytda ishdagi hujjatlarda muhrlarni qalbakilashtirish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi holatlar bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga ko‘ra ijro harakatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Kun.uz ushbu mavzuni kuzatishda davom etadi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid
Top