15:30 / 12.07.2018
12882

Yana mahalla guzari muammosi: Aholiga bolalar maydonchasi kerak

Kundan kun chiroy ochayotgan poytaxt Toshkentda aholi murojaatlariga e'tibor va ularning muammolariga yechim topishga ham alohida yondashilmoqda. Biroq bir mavzudagi muammo borki, hamon yechimini topa olgani yo‘q. Ahamiyatli jihati Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham bu borada aniq fikr bildirmayapti. Bu – zamonaviy mahalla guzarlarining qurilishi masalasidir. 

KUN.UZ tahririyati bu borada qator maqolalar e'lon qilib bormoqda. Qaysidir mahalla guzari qurilishi to‘xtatilmoqda, yana qay birlaridagi qurilish ishlari so‘roq ostida qolmoqda. Ana shunday murojaatlardan yana biri Toshkent shahri, Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li va Sayxun ko‘chalarida joylashgan, yangi bunyod etilgan ko‘p qavatli uylar aholisidan kelib tushdi. Unda ko‘p qavatli uylar orasida “Tong Yulduzi” nomli 3 qavatli zamonaviy mahalla guzari bunyod etilayotgani, biroq amalga oshayotgan ishlar noqonuniy ekanligi bayon etilgan. KUN.UZ mazkur murojaat yuzasidan qayd etilgan manzilga bordi. U yerda bizni mahalla aholisi kutib oldi.

- Men ilk bor bu uyga ko‘chib kelganimda, bizga maydonning loyihasi ko‘rsatilgan edi. Unda bolalar maydonchasi, tennis korti, favvora, keksalar uchun o‘rindiq va shu kabi dam olish maskanini ko‘rish mumkin edi. Boshqa joydan ham uy olsak bo‘lardi, biroq bolalar maydonchasi, bolalarimiz uchun sharoit bo‘lgani uchun mana shu yerdan xonadon sotib oldik, - dedi biz bilan suhbatda shu yerda istiqomat qiluvchilardan biri.

E'tibor bering, mahalla guzari loyihasi bo‘lmasidan avval bu yerda tasdiqlangan loyiha bo‘lgan. Biroq ana shu loyiha bo‘yicha qurilish to‘xtatilib, o‘rniga mahalla guzari loyihasi tushmoqda. Biroq loyiha ekspertlar ko‘rigidan o‘tganmi? Biz quruvchi tadbirkor bilan uchrashdik. Biroq u intervyu berini xohlamadi. Uning hujjatlarida ham kamchiliklar sezildi. Mahalla raisi lom-mim demadi ham. Tuman hokimi Shuhrat Po‘latov haqida biron fikr bildirmaganimiz ma'qul. Boisi KUN.UZ tahririyati saytida eng ko‘p tilga olingan nizoli mahalla guzarlari loyihasi Mirobod tumanidan ekanligi tuman hokimining faoliyatiga baho berishga yetarli bo‘ladi.

- Bu yerda uch qavatli bino tushgach, u binoning xonalari ijaraga berib yuborilgach, uylar oldida mashinalar to‘planishni boshlaydi. Har xil mashinalar kiradi. O‘zimizda ham kirib chiqishda muammo yuzaga keladi, - deydi yana bir aholi vakili.

Bu yerda yashovchi odamlar taraqqiyotga qarshi emas, ular shunchaki barcha ishlar qonuniy tartib-intizomda olib borilishini istashadi xolos. Loyihada ko‘rsatilganidek, uylari oldida bolalar, sport, hordiq chiqarish maydonchalari bo‘lishini, bolalari, nabiralari o‘z uylari oldida bexavotir o‘ynashlarini xohlashadi. Aholi ayni damda prokuraturaga murojaat etgan. Ularning umidi qonun ustuvor bo‘lishi va noqonuniy qurilishni to‘xtatib, bolalar maydonchasini saqlab qolishdir. KUN.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top