17:35 / 08.08.2018
35982

APL boshlanishiga 2 kun: Kimda imkoniyat qanday?

Ikki kundan so‘ng, 10 avgust oqshomida «Manchester Yunayted» – «Lester» o‘yini bilan Angliyada yangi mavsum boshlanadi. Bu safargi startning avvalgilaridan farqi shundaki, aynan mavsum boshlanishi bilan transferlar oynasi ham yopiladi. Ya'ni, shu kundan keyin jamoalar o‘z tarkiblariga yangi futbolchi qo‘shib ololmaydi. Kimdir boshqa ligalarga ketishi mumkin, albatta.

E'tiboringizga, APL favoritlarining bugungi holati va imkoniyatlari haqida ba'zi mulohazalarni havola qilamiz.

MANCheSTeR SITI

Foto: © globallookpress

Pep Gvardiola jamoasining o‘tgan mavsumdagi ustunligidan kelib chiqsak, yangi mavsum oldidan asosiy vazifa tarkibni transferlar hisobiga kuchaytirish emas, belgilangan yo‘nalishda yanada takomillashish ekani sir emas.

Shu tufayli jamoa transfer bozorida u qadar faol bo‘lmadi. Aslida qishda amalga oshishi kutilgan transfer yakuniga yetkazildi xolos. «Lester» yetakchisi Riyoz Mahrez 67.8 million yevroga sotib olindi. Mahrezning kelishi «Manchester Siti»da shundog‘am katta bo‘lgan hujumkor futbolchilar ansamblini kengaytirdi. Sane, Kevin De Bryuyne, ikki Silva, Sterling, Mahrez, Aguero, Jyezus.. Bu biz bilganlarimiz. Bundan tashqari, Gvardiola nazorat o‘yinlarida yaxshi taassurot qoldirgan Dias va Fodenni ham endi o‘yinlarga ko‘proq jalb qilishi mumkin. O‘tgan mavsumni to‘liq jarohat bilan o‘tkazib yuborgan jahon chempioni Benjamin Mendi ham himoyada yana bir variant bo‘ladi. Ya'ni, bugunga kelib, Gvardiola o‘zining mukammal tarkibiga ega deb bemalol aytish mumkin.

O‘ng qanot hujumchisi sotib olinishi yana bir g‘oyani asoslashi mumkin – balki Kevin de Bryuyne orqaroqda, tayanch yarim himoyachiga yaqinroq joyda to‘p suradi. Terma jamoada Martines ba'zi o‘yinlarda (kuchsizroq terma jamoalar bilan) mana shu sxemani ham sinab ko‘rgan, De Bryuynening o‘zi ham, Gvardiola unga orqaroqda o‘ynatmoqchi ekanini aytgandi. Amalga oshmay qolgan Jorjino transferi balki murabbiyga mana shu yechimni taqdim etgandir, axir tayanch zonasida birgina 31 yoshli Fernandino bilan ancha tahlikali bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ba'zi mutaxassislar Gvardiola yangi mavsumda 3-3-4 sxemasini qo‘llashni rejalashtirayotganini taxmin qilishmoqda. Uch markaziy himoyachi bilan, «Chelsi»dagi sxemadan farqli ravishda, qanotlarda sof laterallar emas, aytaylik Riyoz Mahrez yoki Sterling maydonga tushadi. Bir paytlar Dani Alvesh bilan «Barselona»da ham bu sinab ko‘rilgan, ayniqsa, butun jamoa bilan himoyalanadigan raqiblarga qarshi oldingi chiziqda ko‘proq futbolchi bo‘lishi yordam berishi mumkin.

Xulosa qilish aytish mumkinki, «Manchester Siti» bu mavsumda ham yaqqol favoritligicha qoladi va qachonki, boshqa top jamoalardan biri o‘ta muvaffaqiyatli o‘ynab yuborsa yoki Gvardiolada qandaydir taktik muammolar paydo bo‘lib qolsa, yangi chempionlarni ko‘ramiz. Zero 2009 yildan buyon hali biror jamoa Angliyada qatorasiga ikki yil g‘olib chiqqani yo‘q. Bu ham fakt.

MANCheSTeR YuNAYTeD

Foto: Victor Decolongon/Getty Images

«Manchester Yunayted»ning yozi juda asabiy o‘tdi, deyilsa biroz yumshatgan bo‘lamiz. Aslida, muammo yo‘qdek, o‘tgan mavsumni 2-o‘rinda yakunlagan, ayniqsa bahorda deyarli barcha top klublar ustidan g‘alaba qozongan «MYu» chempionlikka asosiy da'vogar bo‘lishi kerak. Lekin norozilarning ham asoslari bor, birinchidan, bu yozda hamma kutganidek tarkibda inqilobiy yangilanish tugul, ancha muammoli pozitsiyalar sanalgan qanot himoyachilari va hujumchilari, shuningdek, barqaror markaziy himoyachisi ham sotib olinmadi. Ikkinchidan, o‘sha g‘alabali top o‘yinlarda ham «MYu» Mourino uslubida g‘alaba qozongan, jamoaning rivojlanish vektori ko‘zga tashlanmagandi. Muxlislar esa, hech bo‘lmasa, «Old Trafford»da «dominant» jamoani ko‘rishni istamoqdalar.

Shuningdek, «MYu»ning 7 futbolchisi jahon chempionatining so‘nggi kunigacha turnirda bo‘ldi va ularning mavsumoldi yig‘inlarida qatnasha olmaganliklari bosh murabbiyga muammo tug‘dirmoqda. Matich, Valensiya kabi asosiy tarkib futbolchilari esa, yig‘inning ilk kunlaridayoq jarohat oldi va ular qachon safga qaytishlari noma'lum. To‘g‘ri, «Tottenhem» va «Manchester Siti»da ham shuncha futbolchi yo‘q edi, ammo aynan «MYu»da Lukaku yoki Pogba kabi futbolchilarning o‘rni kattaroq. Mourino uslubida alohida futbolchilarning yo‘qligi jamoa o‘yini kartinasiga kattaroq ta'sir o‘tkazadi. «Tottenhem» yoki «Siti» ikkinchi tarkib bilan ham ko‘zni quvnatadigan o‘yin namoyish qila oladi.

«MYu» «Bavariya» bilan o‘rtoqlik o‘yinida atigi bir marotaba raqib darvozasiga zarba bera oldi xolos. Mavsumoldi so‘nggi nazorat o‘yinidagi bu ko‘rsatkich ko‘pchilikni tashvishga qo‘yayotgani tabiiy.

Endi bunga Marsiyal bilan bog‘liq mashmashalar, Pogba haqidagi mish-mishlar, klubning Alderveyreld, Boateng, Mina va Maguayr kabi markaziy himoyachilar orasida uyoqdan-buyoqqa borib kelayotgani va transfer oynasi yopilishiga atigi ikki kun qolganini qo‘shing. Mana sizga odatiy Mourinoning uchinchi mavsumi. Farqi, bu safar ikkinchi mavsum kutilganidek muvaffaqiyatli chiqmadi va endi uchinchi mavsum yanada mas'uliyatliroq bo‘ladi. Balki, Mourino uchun mana shu muammolar ayni muddaodir, ya'ni bu orqali bosimni kamaytirish va ilk turlarda himoyaviyroq o‘yin bilan rejadagi ochkolarni olish ko‘zda tutilayotgandir. «Lester» yoki «Brayton» ustidan qozoniladigan har qanday g‘alabalar muxlislarni xotirjam qiladi, vaziyatdan kelib chiqib, hech kim hujumkor futbol yoki yirik hisoblarni talab qilmay turadi.

LIVeRPUL

Foto: Liverpul

Angliyada eng qoniqarli transfer kampaniyasini olib borgan klub «Liverpul»dir. Rahbariyat nihoyat o‘zi ishonadigan va eng yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qila oladigan murabbiyni topgan ko‘rinadi. Bukmekerlar tomonidan Klopp jamoamsi APLda g‘olib chiqish uchun «Manchester Siti»dan keyingi nomzod sifatida qayd etilmoqda.

«Roma» darvozaboni Alisson 75 million yevro, Fabino 45 million yevro, Shakiri 14,7 million yevro, Nabi Keyta 60 million yevroga olib kelindi. Qishda Virjiyl van Deyk himoyachilar uchun rekord narxga  o‘tganini hisobga olsak, «Liverpul» so‘nggi olti oyda yangi futbolchilar uchun 300 millionga yaqin pul sarfladi. Jamoani faqat Emre Jan erkin agent sifatida tark etgan.

O‘tgan mavsumda Angliyada eng sermahsul va kuchli o‘yin ko‘rsatgan jamoalaridan biri, YeChL finalchisi o‘z tarkibida mana shunday o‘zgarishlarni amalga oshirishi faqat bir narsadan dalolat qiladi – yangi mavsumda «Liverpul» barcha musobaqalarda faqat g‘oliblik uchun kurashadi.

Go‘yoki faqat himoyadagi xatolar evaziga ko‘p ochkolarni boy bergan «Liverpul»ning shu yo‘nalishda yaxshi ish olib borgani va darvozabon, himoyachi va himoyalanuvchi yarim himoyachilarni qo‘lga kiritgani, endi o‘z darvozasini daxlsiz saqlash borasidagi muammolarga barham berilganini ko‘rsatsa-da, aslida unday emas. Menimcha, «Liverpul»ning himoyadagi muammolari individlarga bog‘liqmas, taktik omillar evazigadir. Ya'ni, jamoa juda yuqori himoya bilan o‘ynaydi, raqibni o‘z jarima maydoni yaqinida pressing qilishni yaxshi ko‘radi. Nafaqat yaxshi ko‘radi, Kloppning asosiy quroli shuning ustiga qurilgan. Aynan shu uslub orqali «Liverpul» Yevropaning eng hujumkor jamoasi bo‘ldi.

Aytmoqchimanki, himoyada va darvozada kim turishidan qat'i nazar, jamoa bu mavsumda ham o‘z yarimmaydonida kattaroq zonalarni ochiq qoldiradi, bu esa, raqib qarshi hujumlari uchun imkoniyatdir. «Liverpul»ning uslubi odatdagidan (boshqa top jamoalarga nisbatan) ko‘proq gol o‘tkazib yuborishni taqozo qiladi. Bu bir tanlovdir. Yangi nomlar aytaylik, standart vaziyatlardagi pala-partishliklarga barham berishi, individual xatolarni kamaytirishi va albatta, shu orqali, himoyadagi ko‘rsatkichlarni sal yaxshilashi mumkin. Ammo Kloppdan yangi futbolchilar yordamida «Chelsi» yoki «MYu» kabi himoyani kutish noto‘g‘ri.

Tarkibdagi yagona muammo sifatida qanot himoyachilari va sof hujumchini aytish mumkin. Starrij va Solankening qay saviyada o‘ynay olishlarini baholash qiyin, Firmino esa, butun mavsumga torta olmaydi. Himoyada o‘tgan yili Aleksander Arnold, Gomes, Robertson juda yaxshi mavsum o‘tkazishdi, lekin bu yosh futbolchilar «ikkinchi mavsum inqirozi»ni boshdan kechirmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi, 32 yoshli Milner esa, doimo yordamga kela olmaydi.  

Yangi transferlar «Liverpul»ga aynan uzun masofadagi turnirlarda, masalan Angliya Premer Ligasida yordam beradi. Bir necha yildan beri «Liverpul» bu borada aziyat chekayotgandi. Jamoa doim bir asosiy tarkibga bog‘lanib qolgan, Mane yoki boshqa futbolchining jarohat olishi yoki boshqa sabablar bilan safdan chiqishi natijasida o‘yinga putur yetardi. Doimo mavsumning qaysidir pallasini jamoa juda bo‘sh o‘tkazar va bir necha haftada ichki chempionatda ham, kuboklarda ham vaziyatni boy berib qo‘yardi. Shakiri o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonda bo‘lmasligi mumkin, ammo u ham kerakli paytda Saloh yoki Manening o‘rnini  to‘ldirishi, Kloppga kerakli paytda rotatsiyalar imkonini tug‘dirishi mumkin.

TOTTeNHEM

Foto: Tottenhem

Klub odatdagidek, bu safar ham transfer bozorida faol bo‘lmadi. Umuman, so‘nggi yozlardagi klubning eng asosiy vazifasi mavjud tarkibni va yulduzlarni saqlab qolish bo‘lib kelmoqda. Bu safar ham shunday. Agar «Tottenhem» o‘tgan yilgi tarkibni saqlab qola olsa, katta muvaffaqiyat sanaladi va aynan mana shu barqarorlik evaziga yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qilishi turgan gap.

Tobi Alderveyreldning Manchesterga ketishi mumkinligi Pochettinoni kam xavotirga soladi. Chunki shundog‘am Tobi o‘tgan mavsumda asosiy tarkibda ko‘p maydonga tushmadi, Davinson Sanches bemalol uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin. Ammo Harri Keynni «Real» changalidan asrab qolish lozim. Madridliklar futbolchini har qanday narxga sotib olishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu bilan birga, Keynning Madridga ketish orzusida yonmayotgani, buning ustiga, transfer oynasi tugashiga ikki kun qolganda «Tottenhem» unga o‘rinbosar qidirmayotganini e'tiborga olsak, Keyn bu mavsum ham Londonda qoladi.

«Chelsi» va «Arsenal»da yangi murabbiylar kelgani va bu biroz mavhumlik ichida qolayotganliklarini e'tiborga olsak, London jamoalari ichida «Tottenhem» mavsumni muvaffaqiyatliroq o‘tkazishi mumkin.

CheLSI va ARSeNAL

Foto: globallookpress
Foto: Tvitter

Har ikki jamoa bu yil YeChLda qatnashmaydi va har ikki jamoa yangi murabbiy bilan mavsumni boshlamoqda.

Aslida yangi murabbiylar qo‘l ostida bu jamoalar transferlar bozorida ko‘proq faol bo‘lishlari kutilgandi, lekin unday bo‘lib chiqmadi. «Arsenal» bu borada sal yaxshiroq – urugvaylik Lukas Torreyra 30 million yevroga olib kelingan bo‘lsa, Papastopulosga 16 million, yosh yarim himoyachi Ganduzi («Loryan») uchun 9 million to‘landi. Stefan Lixshtayner esa erkin agent sifatida keldi. Shundog‘am oxirgi mavsumda «Arsenal» tarkibida o‘ynamagan Uilshir va Kasorla jamoani tark etishdi. Per Mertezaker faoliyatini yakunladi.

Baribir, bu o‘zgarishlar yetarli emasdek. Klub Emerining bor masalliq bilan muvaffaqiyatli to‘p sura olish qobiliyatiga ishonayotgandir, ammo start nuqtasidan turib baholaganda, «Arsenal»ning tarkibi yuqorida tilga olingan raqiblarga nisbatan kuchsizroq ko‘rinmoqda.

«Chelsi»dagi holat esa, biroz boshqacha. «Chelsi» tarkibi atigi bir yil oldin Angliya chempioni bo‘lgan. Sarri ko‘rinishidagi yangi qon bilan «ko‘klar» yana kuchli jamoaga aylanib olishlari hech gap emas. Umuman Abramovichning bu uslubi ko‘pchilik uchun «dovdirash»dek tuyulsa-da, har ikki yilda murabbiyni almashtirish orqali, «Chelsi» so‘nggi 8 yilda 3 marta APLni, YeChLni va YeLni yutdi. Ya'ni so‘nggi o‘n yilda Angliyaning eng ko‘p sovrin yutgan jamoasi ham aynan «Chelsi»dir. Sarri ham go‘yoki imkoniyati kam deb baholanayotgan mavsumda Kontening mu'jizasini takrorlay olishi hech gap emas, ko‘ramiz.

Buning uchun avvalo, Azar, Villian kabi yulduzlarni saqlab qolish kerak bo‘ladi. Hozircha, bu haqida mish-mishlar ko‘p emas, ammo «Real» yoki «Barselona» bu futbolchilarga bo‘lgan qiziqishini oshirsa, «Chelsi»ning YeChLda qatnashmayotgani ham hal qiluvchi omil bo‘lib qolishi turgan gap. Sarri bu yerda o‘z jamoasini tuzish uchun, avvalo jamoani saqlab qolishi, yetakchilarni o‘z g‘oyalariga ishontirishning uddasidan chiqishi kerak bo‘ladi. Unda ko‘p vaqt yo‘q.

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top