10:40 / 09.09.2018
49978

Shahram G‘iyosov navbatdagi raqibini ma'lum qildi. Bu uning faoliyatidagi eng kuchli raqib

Boks bo‘yicha Rio Olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov prof ringdagi beshinchi jangini 22 sentabr kuni Londondagi «Uembli» stadionida o‘tkazadi. Bokschining o‘z sahifasida ma'lum qilishicha, navbatdagi raqib Julio Laguna bo‘ladi.

Nikaragualik bu bokschi professional ringdagi faoliyatini 2015 yilda boshlagan va shu vaqtgacha 14 jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan, shundan 10ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.

Shahram G‘iyosovning o‘zi ham bu safargi raqibi eng kuchlisi ekanini qayd etib o‘tgan.

Joriy yilning martida professional boksdagi debyutini amalga oshirgan Shahram G‘iyosov esa shu vaqtga qadar 4 marta ringga ko‘tarilib, barcha janglarda g‘alabaga erishgan.

Shahram G‘iyosov shu yilning 11 mart kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan jangda argentinalik raqibi Nikolas Velaskesni (10-0-2) birinchi raundning 7-soniyasidayoq polga qulatdi. U aprel oyida Bruklinda vengriyalik Gabor Gorbisni (24-0-10) 6 raundlik jang yakuniga ko‘ra yengdi, 15 iyul kuni meksikalik Daniel Echeverriyani (19-0-5) nokautga uchratdi, 17 avgust sanasida esa ganalik Albert Mensani (31-1-7) nokautga uchratgan holda g‘alabaga erishdi.

Top