09:50 / 10.09.2018
78984

«Bag‘dodda nima gaplar?». Tumandagi ayanchli holga tushgan ta'lim dargohi haqida

Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanidan kelgan murojaat va suratlarni ko‘rib muammoning bu darajada jiddiy ekanligiga ishonmagandim. Masalani har tomonlama o‘rganish maqsadida tuman hokimligiga borib, tuman hokimi o‘rinbosari Baxtiyorjon Xoldorov bilan uchrashdik. Mutasaddi o‘sha joyga biz bilan birga bordi.

3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi tuman markazidan 6-8 kilometr uzoqlikdagi “Konizar” qishlog‘ida joylashgan ekan. Bizni maktab direktori Mahfuzaxon Mamadaliyeva kutib oldi. Bilim dargohida 531 nafar o‘quvchiga qirqdan ziyod ustoz va murabbiy ta'lim beradi. Joriy ta'mirdan chiqqan sinf xonalarida ko‘zlari yonib turgan, bilimga chanqoq  o‘quvchilarni ko‘rasiz. Agar ularga yetarli sharoitlarni yaratib bersangiz, biz orzu qilgan kelajak avlod yetishib chiqishi aniq. Biroq mazkur maktabdagi sharoit juda aftodahol ekan.

1993 yili qurilgan ikki qavatli “tipovoy” maktab. Maktabning sport majmuasi va “Majlislar zali”ni ko‘rganimizda ahvol bizga yuborilgan murojaatdagi suratlardan  ham ko‘ra yomonroq ekaniga guvoh bo‘ldik.

To‘g‘risi, sport zalini ko‘rib, tasavvurimizda majmuani xuddi o‘zga yurtlardagi singari to‘fon kelib, xarobaga aylantirib ketgandek tuyuldi. Juda xunuk ahvol. Pollar chirib ketgan, tom ochilib yotibdi. Binoda xuddi bir vaqtlar qarovsiz tashlab ketilgan yoki zilzila, mash'um tabiat hodisasi ro‘y bergandek holat... Maktab o‘quvchilari uzoq yillardan beri jismoniy tarbiya darslarini kuz va qishning yomg‘irli kunlari dars xonalarida shashka o‘ynab o‘tkazar ekan. 

“Ehtiyot bo‘ling! Pol sinib yoki tomdan biror narsa tushib mayib qilmasin!”, - deydi muallimlardan biri.

Ikkinchi qavatdagi bir vaqtlar tadbirlar o‘tadigan zal bo‘lgan qismidagi holat bundan-da yomonroq edi. Xarobaga aylangan “Majlislar zali” o‘ta yomon avariya holatida. Zinalar chirib ketgan, katta xona devorlari ko‘chib tushgan, bu yerda ham tom qismi ochilib yotibdi. Uning kirish eshigiga “Faollar zali avariya holatidaligi uchun muhrlandi” deb yozib qo‘yishibdi.

Maktabning orqa tomoniga o‘tamiz. Bu yerda yana ikkita aftodahol binoga ko‘zimiz tushdi. Bular maktab ustaxonasi va qozonxona binosi edi. Inshootlarni ko‘rib holatiga achinib ketdik. Ularni “O‘tgan asr xarobalari” deya atasak to‘g‘riroq bo‘lar... Ko‘rinishi barchasini aytib turganligi uchun binolar ichkarisiga kirishga harakat bo‘lmadi.      

 Ochiq maydonda dars o‘tayotgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari Sarvarbek Haydarov, Dilobar Madaliyeva va o‘quvchilar bilan suhbatlashdik.

“Ko‘rib turganingizdek, havo ochiq kunlari darsni mana shu stadionda o‘tamiz. Yomg‘irli, qorli va sovuq kunlarda sinf xonasida. O‘quvchilarimiz orasida sportning yengil atletika, boks, karate, stol tennisi turlariga qiziqadiganlari juda ko‘p. Lekin to‘garak o‘tgani sharoitning o‘zi yo‘q. Bizda ham viloyat, respublika, Osiyo chempionlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar bor. Axir Bag‘dod azaldan polvonlar yurti. O‘quvchilarimiz atrofimizdagi 2-, 4-, 51-maktabdagi tengdoshlariga havas qilishadi. Yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, uni har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga katta e'tibor berilyapti. Bizni maktabga ham islohotlar yetib kelarmikan? Muammolarga javob izlab murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hech qanday samara yo‘q”, deydi muallimlar.

Maktab pedagoglarini bildirishicha, muammolar bo‘yicha yozilgan murojaatlarga tuman “katta”lari o‘n yildan beri: “Bu yil Dasturga tushadi!”, deb javob qaytarishar ekan. Maktabning 2008 yildan beri har yili tumanning manzilli Dasturiga tushmayotgani uchun jamoa va'dalarga ishonmay ham qo‘yibdi.  

Bu orada tuman xalq ta'limi bo‘limining qurilish ishlari bo‘yicha injyeneri Muhammadjon aka ham yetib keldi va  bizga mukammal ta'mirtalab inshootlarni tumanning 2019 yilgi manzilli Dasturiga tavsiya qilingani haqidagi hujjatni ko‘rsatdi. Qarangki, mazkur hujjatda ham “Konizar” qishlog‘idagi 3-maktab 2008 yildan beri Dasturga tavsiya qilinayotgani ko‘rinib turardi.    

Sport majmuasidan tashqari “Majlislar zali”ning holatiga ham to‘xtalib o‘tish zarur. Maktabda uzoq yillardan beri bunday joy bo‘lmaganligi uchun turli bayram, kecha, tanlov, fan oyliklari foye yoki tashqarida o‘tayotgani ko‘rinib turibdi.

Biz mazkur inshootlarni kim bu holatga keltirgani va ularning jazolash kerakligi haqida bosh qotirishdan uzoqmiz. Asosiysi, bu maskanda yurt kelajaklari ulg‘aymoqda. Ular har tomonlama garmonal rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish kerak va zarur.

Ta'lim dargohining peshtoqiga jahon allomalardan birining: “Xalq uchun nondan so‘ng eng muhimi maktabdir”, degan hikmatini yozib qo‘yishibdi. Qanday dolzarb so‘zlar...   

Bizni bir narsa o‘ylantirdi?

Nahotki, shuncha yillar davomida viloyat va tuman mutasaddilari mazkur ta'lim dargohiga qadam bosib o‘quvchilar qanday sharoitlarda ta'lim olayotgani bilan qiziqmagan bo‘lsa?..

Elmurod Ermatov,

KUN.UZ jurnalisti

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top