23:44 / 12.09.2018
10322

Mercedes-Benz yangi avloddagi GLE krossoverini taqdim qildi

Mercedes-Benz nemis kompaniyasi yangi avloddagi GLE krossoverini taqdim qildi. Avtomobilning ilk ommaviy namoyishi oktabrda Parijdagi avtosalonda bo‘lib o‘tadi. Mashina Yevropada keyingi yildan sotila boshlanadi. Unga asosiy raqobatchi BMW X5 modeli bo‘ladi.

Yangi GLE yo‘ltanlamasi MHA (Modular High Architecture) platformasida qurilgan. Bu shassi yangi E-Class uchun ham qo‘llanadi. Undan GLE Coupe, GLC va GLS modellarida foydalaniladi.

Foto: Daimler AG

Avtomobil avvalgi versiyasiga nisbatan o‘lchamlarda kattalashgan. Endi mashinaning g‘ildiraklar bazasi 2995 mmni (80 mm qo‘shilgan) tashkil qiladi. Buning evaziga orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar oyoqlari uchun bo‘sh joy ancha ko‘paygan. Mashinaning aerodinamik qarshiligi koeffitsiyenti 0,29ni (avvalgi modelda 0,32) tashkil qilgan. Mashina yukxonasi sig‘imi 825 litrga teng bo‘lib, uning hajmi yig‘ishtirilgan orqa o‘rindiqlarda 2055 litrgacha yetadi. Mashinani 5 yoki 7 o‘rindiqli salon variantida sotib olish mumkin.

 Foto: Daimler AG

Mashinaning dizayni ancha o‘zgarishlarga uchragan. Unda yangi chiroqlar, katta g‘ildiraklar diski, ko‘rinishi o‘zgargan bamperlar va radiator panjarasi paydo bo‘lgan. Mashina umumiy oyna ostida joylashgan, ikki displeyli asboblar paneli bilan ham jihozlangan. Displeylardan biri asboblarga, ikkinchisi esa multimedia va navigatsiyaga javob beradi.

Foto: Daimler AG

Krossover sensor panelli rul, yangi multimedia tizimi Mercedes-Benz User Experience (MBUX) bilan jihozlangan.

Mashinaning dvigatellari hozircha to‘liq oshkor qilinmagan. Kompaniya shuni ma'lum qilganki, GLE 450 4Matic versiyasi 3 litrli, 6 silindrli va 367 ot kuchiga ega dvigatel oladi. 

Foto: Daimler AG

Shuningdek, mijozlarga 286 va 340 ot kuchiga ega dizel motorli krossoverlar taklif qilinadi. Bundan tashqari, yangi krossoverning sport versiyasi AMG ham bo‘ladi. Unda 4 litrli, 8 silindrli benzin dvigatel o‘rnatiladi. Ushbu dvigatelning kuchi 600 ot kuchidan oshadi. 

Mashina takomillashgan faol gidropodveska Active Body Control olgan. U yo‘ltanlamas rejimga ega bo‘lib, u faollashganda mashina klirensi oshiriladi. Krossoverning qimmatbaho versiyalari moslashuvchan pnevmatik podveska bilan jihozlanadi. Bu podveska yo‘lni skaner qilib boruvchi videokamera ma'lumotlaridan kelib chiqib o‘z sozlanmalarini o‘zgartira oladi.

Mavzuga oid
Top