16:48 / 12.09.2018
23285

Moliya vazirligida yangi tayinlovlar yuz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida axborot-tahlil ishlari samaradorligini oshirish, tarkibiy tuzilmalar o‘rtasida axborot almashinuvi jarayonini muvofiqlashtirish, shuningdek jamoatchilik bilan ishlash va ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash darajasini yanada ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida O‘zbekiston Respublika Moliya vazirligining Muvofiqlashtirish va axborot-tahlil Departamenti tashkil etildi. 

Vazirlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, departament boshlig‘i lavozimiga Mirkomil Odilov tayinlandi.

Mirkomil Miralimovich Odilov

Mirkomil Miralimovich Odilov 1986 yilda tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 2011-2016 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, boshqarma boshligi; 2016-2017 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari; 2018 yil Moliya vazirligi huzuridagi moliya organlari hamda byudjyet tashkilotlarning moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash O‘quv markazi direktori lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining 287-sonli buyrug‘iga asosan Azamat Shuhratovich Fozilov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi moliya organlari va byudjyet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash O‘quv markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

Azamat Shuhratovich Fozilov

Azamat Fozilov 1980 yilda tavallud topgan. Ma'lumoti oliy. 2001-2004 yil Samarqand viloyati hokimligining moliya boshqarmasi byudjyet bo‘limida 1-toifali iqtisodchi, bosh iqtisodchi; 2008-2011 yillarda Moliya vazirligi G‘aznachilik Amaliyot boshqarmasining Mudofaa idoralari tashkilotlarining yuridik va to‘lovlarni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i; 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Top