16:51 / 14.09.2018
13485

Erdo‘g‘an Turkiyani «iqtisodiy o‘ldirishmoqchi» ekani haqida ma'lum qildi

Foto: Dado Ruvic / Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, turk lirasining dollarga nisbatan kursi keskin pasayishi Turkiyaning «iqtisodiy o‘ldirishga urinish» harakatidir. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi vaziyat AQShning bayonotidan keyin murakkablashdi, ulardan so‘ng Turkiya «razil iqtisodiy hujum»ga duch keldi. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, 15 yil davomida mamlakatda inflyatsiya darajasi Markaziy bank qo‘ygan maqsadlarga hech qachon mos kelmagan, ammo Turkiya bazaviy foiz stavkasi oshganidan keyin tartibga soluvchi idoraning «mustaqil ekani natijalarini» ko‘radi. Turkiya yetakchisi foiz stavkalari bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan: «sabr-toqatim o‘z chegaralariga ega», deya ta'kidlab o‘tdi.

Erdo‘g‘an lira kursi qulashini «Turkiyaga qarshi tashqi kuchlar amaliyoti» bilan bog‘lab, 2017 yil o‘rtalarida AQSh bilan boshlangan diplomatik mojaroni nazarda tutgan. Avgust oyida Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar, Qo‘shma Shtatlar Turkiya ichki ishlar va adliya vazirlariga qarshi sanksiyalar qo‘llaganidan so‘ng keskinlashdi. AQSh Turkiyada terrorchi deb hisoblanuvchi Fathulloh Gulenga aloqadorlik va josuslikda gumonlanib qo‘lga olingan amerikalik pastor Endryu Bransonni ozod etishni talab qilmoqda, turk hukumatini buni rad etyapti. 

Ammo, J.P. Morgan Asset Management tahlilchilari Anqaraning iqtisodiy muammolarini tuzilmaviy va geosiyosiy qator muammolar bilan bog‘ladi. Ularga ko‘ra, Turkiya tashqi savdo kamomadini boshdan kechirmoqda. Shu bilan birga, Turkiya hukumati qarzlarining qariyb 40 foizi AQSh dollaridadir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an AQShga borishga tayyorgarlik ko‘rayotgani xabar berilgandi.

Top