18:18 / 01.10.2018
87780

Qalampirning «achchig‘i» Samarqandga ham yetib keldi(mi?)

Shu yilning 14 sentabr kuni «Kun.uz» saytida «Achchiq qalampir ekkanlarni piyoz ekkanlar qismati kutmoqdami?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Maqola so‘ngida achchiq qalampir yetishtirish kampaniyasi natijasiga umid qilib, qalampir yetishtirgan fermerlar qanday muammolarga duch kelayotgani xususida navbatdagi lavhalarda ma'lum qilinishi aytilgandi. Shu munosabat bilan tahririyatning Samarqand viloyatidagi muxbiri mazkur masalada olib borgan o‘rganishlarini taqdim etdi.

Bugungi kunda achchiq qalampir ekkan fermerlarni mahsulotga xaridor topish masalasi qiynamoqda. Bu muammo Samarqand viloyatida ham kuzatilayotganiga viloyatdagi ayrim tumanlarda olib borgan o‘rganishlarimiz davomida guvoh bo‘ldik. Ma'lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 62-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand viloyatida ham katta yer maydonlarida fermerlar tomonidan achchiq qalampir ekilgan.

Bulung‘ur tumani

Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i ma'lumotiga ko‘ra, Bulung‘ur tumani hokimining 2018 yil 1 martdagi 462-Q-sonli qaroriga asosan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarining 117 gektariga achchiq qalampir ekish bo‘yicha «Chiliuz» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan ko‘chat tayyorlab yetkazib berish rejalashtirilgan. ATB «Agrobank» Bulung‘ur filiali tomonidan 241ta fermer xo‘jaliklariga 1 milliard 349 million so‘m kredit mablag‘lari rasmiylashtirilgan. Ekindan o‘rtacha 93 sentnerdan jami 1089 tonna hosil olinishi kutilmoqda. Bugungacha yetishtirilayotgan hosilni xarid qilish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va birorta tashkilot o‘rtasida shartnoma tuzilmagan va bo‘nak pullari ajratilmagan.

ATB «Agrobank» Bulung‘ur filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Isomiddin Abdukarimovning aytishicha, achchiq qalampir yetishtirish uchun tuman fermer xo‘jaliklariga 1,5 milliard so‘m kredit mablag‘lari berilgan.

Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Mirzabek Shermanov bilan achchiq qalampir ekilgan yer maydonlarini ko‘zdan kechirdik va ayrim fermer xo‘jaliklari raislari bilan suhbatlashdik.

Fermerlarning ta'kidlashicha, ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha Toshkent shahridagi «General Machinery Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan kontraksiya shartnomasi tuzishgan.

Mahsulotni sotib olish bo‘yicha og‘zaki va'dalar berilgan, ammo bu shartnomada ko‘rsatilmagan. Mahsulot yetkazib berish va sotib olish yuzasidan ham shartnoma imzolanmagan.

– Eksport qilish maqsadida 4 gektar yerga achchiq qalampirning xorijiy navini ekdik, – deydi «Saboloq yuksalish bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari Abdulla Rahmonov. – ATB «Agrobank» Bulung‘ur filialidan katta miqdorda kredit oldik. Ammo mahsulot tayyor bo‘lgandan keyin xaridor yo‘q. Shuncha hosilni qayerga sotishni bilmaymiz. Mahsulotni sotmasak, bankdan olingan kreditni qanday to‘laymiz? Axir, o‘z hisobimizdan ham ancha mablag‘ sarfladik. Boshimiz juda qotgan. Katta zarar ko‘radiganga o‘xshaymiz.

– Men 1 gektar yerga achchiq qalampirning xorijiy navini ekkanman, – deydi «Abu Bakr dalasi» fermer xo‘jaligi rahbari Jahongir Mahmudov biz bilan suhbatda. – Ancha mehnat, vaqt, mablag‘ sarfladik. Ammo mahsulotga xaridor yo‘q.

Tumandagi «Ipak yo‘li» agrofirmasi hududidagi achchiq qalampir ekilgan yer maydonlarini ham ko‘zdan kechirdik. Hosil mo‘l.

– Agrofirmamizga biriktirilgan fermer xo‘jaliklarining 15tasi yer maydonlarida 6 gektar achchiq qalampir ekilgan, – deydi agrofirma rahbari Qahramon Ahrorov. – Hosil yaxshi bo‘ldi, ammo sotib oladigan xaridor bo‘lmagandan keyin bundan nima naf? Fermerlar zarar ko‘rayapti, barchasini shu masala qiynayapti. Bu muammo yechim topishidan umidvormiz.

Jomboy tumani

Ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda eng ko‘p shu tumanda, ya'ni 830 gektar yer maydoniga achchiq qalampir ekilgan.

Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisining aytishicha, 400 gektar yerga xorijiy, 430 gektar yerga achchiq qalampirning mahalliy navi ekilgan. 10 ming tonnadan ziyod hosil yetishtirilishi rejalashtirilgan.

ATB «Agrobank» Jomboy filiali boshqaruvchisi Ozod O‘sarovning ma'lumotiga ko‘ra, achchiq qalampir yetishtirish uchun tumandagi fermer xo‘jaliklariga 8 milliard 720 million so‘m kredit mablag‘i berilgan. Shundan 5 milliard 600 million so‘m ko‘chat, qolgani boshqa xarajatlar uchun ajratilgan.

Ushbu tumanda ham fermerlarni xaridor topish muammosi qiynamoqda.

– Hududimizda 70ta fermer xo‘jaligi 250 gektar yer maydoniga achchiq qalampirning mahalliy navini ekkan, – deydi «Zarafshon» MMTP rahbari Siroj Hasanov. – Ammo shartnoma achchiq qalampirning xorijiy naviga tuzilgan edi. Hosil tayyor, ammo uni sotish bo‘yicha birorta shartnoma qilinmagan. Sotib oladigan xaridor yo‘q.

Shu o‘rinda joriy yilning iyul oyida tuman hokimligi nashri bo‘lgan «Jomboy tongi» gazetasida chop etilgan, ushbu mavzu yuzasidan tayyorlangan maqolada keltirilgan ayrim ma'lumotlarga e'tibor qaratsak.

«Viloyat bo‘yicha 1500 gektar suvli maydonda achchiq qalampir yetishtirilmoqda. Shundan 830 gektari tumanimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Hademay, dastlabki hosilni yig‘ib-terib olish ishlari boshlanar ekan.

– Birinchi hosilni quritmasdan eksport qilamiz, – deydi «Samarqand chili» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsud Qoraboyev. – Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Turkiya va Bangladesh davlatlari mahsulotni barra holida sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Achchiq qalampir ko‘pgina davlatlarda sevib iste'mol qilinadi. Ammo uni istalgan hududda yetishtirib bo‘lmaydi. Talab yuqori bo‘lgani uchun bir tonnasining narxi 8000 dollar atrofida baholanar ekan. Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo bo‘yicha faqat yurtimizning to‘qqizta viloyatida bunga sharoit bor.

– Joriy yilda 18 ming tonna achchiq qalampir yetishtirishni rejalashtirganmiz, – deydi jamiyat ish boshqaruvchisi Adham Navro‘zov. – Shundan 10 ming tonnasi Jomboy tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Mahsulotning asosiy qismi Qozog‘iston respublikasiga eksport qilinadi».

Afsuski, o‘rganishimiz davomida fermerlar tomonidan tilga olingan va maqolada nomlari keltirilgan mutasaddilarni topish imkoniyati bo‘lmadi.

Toyloq tumani

Ushbu tuman ham achchiq qalampir muammosidan xoli emas. Bu yerda ham fermerlar va mutasaddilar yechim izlamoqda.

Tuman qishloq xo‘jaligi bosh mutaxassisi Sherzod Haydarovning ma'lumot berishicha, fermer xo‘jaliklarining 200 gektar yer maydoniga achchiq qalampirning xorijiy va mahalliy navlari ekilgan. 2 ming 400 tonna hosil yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Fermerlar ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha Toshkent shahridagi «General Machinery Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzgan.

ATB «Agrobank» Toyloq filiali ma'lumotiga ko‘ra, achchiq qalampir yetishtirish uchun tumandagi fermer xo‘jaliklariga 1 milliard 300 ming so‘m kredit mablag‘i berilgan.

– Bankdan kredit olib, yarim gektarga 40 mingta achchiq qalampir ko‘chati ekdik, – deydi «Zamini Parda Feruza» fermer xo‘jaligi rahbari Parda Ostonov. – Hosil tayyor bo‘ldi, terib, yoydik. Ammo xaridor yo‘q.

– Hududimizda 22 gektarga achchiq qalampir ekilgan, – deydi «Baxshitepa» agrofirmasi agronomi Faxriddin Rahimov. – Hosilni ko‘rib turibsiz, ammo xaridor yo‘q. Ayrim fermerlar yig‘ishtirib tashlashdi. Millionlab xarajat qilindi.

– Ushbu masalani hal etish uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi Toyloq tumani hokimining qishloq xo‘jaligiga mas'ul bo‘lgan o‘rinbosari Husan Narziqulov.  – Qalampirni quritib, maydalab sotish uchun xaridorlar izlayapmiz. Tez kunlarda hal bo‘ladi.

Ko‘rib turganingizdek, achchiq qalampir ekkan viloyat fermerlarining mahsulotni qayerga sotish borasida boshi qotgan. Masalaga tezda yechim topilmasa, fermerlarga katta miqdorda kredit bergan Agrobank va fermerlar o‘rtasida jiddiy tortishuvlar vujudga kelishi ehtimoli yo‘q emas. Balki, «o‘zbek» qalampiri eksporti bilan bog‘liq taqiqlarni to‘liq o‘rganilmagani alohida o‘rganish mavzusidir.

Biz jarayonni kuzatishda davom etamiz va mavzuga yana qaytamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Top