18:10 / 05.10.2018
10599

Yoshlar yetakchisi ham yoshlar bilan bir safda turib, yugurish musobaqalarida qatnashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko‘paytirish, g‘olib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan pullik mukofotlar bilan rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Mazkur vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan 2018 yilning 1-6 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining barcha tuman va shaharlarida «Yoshlar ittifoqi kunlari» doirasida «Yoshlar sport haftaligi» o‘tkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish, sport infratuzilmasini yaratish, aholi, ayniqsa yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, mahoratli sportchilarni tanlab olish, malakali murabbiylar tayyorlash, xalqaro nufuzli sport musobaqalariga tayyorgarlikni quchaytirish maqsadida o‘tkazilayotgan ommaviy sport musobaqalari respublikaning barcha tuman va shaharlariga, chekka-chekka qishloqlarigacha kirib bordi.

«Yoshlar sport haftaligi» doirasida olimpiya va noolimpiya hamda milliy sport turlari, jumladan basketbol, qo‘l to‘pi, futbol, voleybol, stol tennisi, yengil atletikaning yugurish, kurash, shashka, shaxmat, suzish, badiiy gimnastika, karate-do, o‘zbek jang san'ati, dzyu-do, kikboksing, tosh ko‘tarish, arqon tortish, taekvondo ITF va boks (3 ming 544 nafar yoshlar) bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot hamda sport musobaqalari o‘tkazildi.

Respublika bo‘yicha tashkil etilgan badantarbiya mashg‘ulotlari, shuningdek, 1 ming 400ta sport tadbirida 1 mln 709 ming 197 nafar (badantarbiya 1 mln 110 ming 075 nafar, sport tadbirlari 659 ming 122 nafar) yoshlar ishtirok etdi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Taxiatosh, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir tumanlari namunaviy tuman va shahar sifatida tanlab olinib, Respublika yoshlar yetakchisi Q.Quronboyev hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev boshchiligida Respublika ishchi guruh a'zolari tomonidan tegishli vazifalar taqsimlab olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi, Respublika hududidagi 6ta oliy ta'lim muassasasi hamda 16ta tuman va shaharlarida vazirlik, idora va tashkilotlar bilan kelishilgan holda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish, sport infratuzilmasini yaratish, aholi, ayniqsa yoshlarni ommaviy sportga jalb etish maqsadida 2018 yil IV chorak davomida manzilli taqvim-reja ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 735 ming 204 nafar yoshdan, joriy yilning 5 oktabr holatiga ertalabki badantarbiya va 180ta sport turlari bo‘yicha 354 ming 920 nafari (badantarbiya 328 ming 915 nafar, sport tadbirlari 26 ming 500 nafar) ishtirok etdi.

Mazkur tadbirlar davomida Respublika yoshlar yetakchisi Qahramon Quronboyev ham qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan bir safda turib, sportning yugurish musobaqasida ishtirok etdi.

«Yoshlar sport haftaligi» doirasida amalga oshirilayotgan sport tadbirlari maktab va oliygohlarda, sport maydonchalari va mahallalarda, bir so‘z bilan aytganda keng jamoatchilik vakillari o‘rtasida respublika bo‘ylab davom etmoqda.

Top