20:00 / 08.10.2018
25755

Prof ringdagi beshta jangdan so‘ng: Shahram G‘iyosov dastlabki tajriba va xulosalar haqida

Foto: KUN.UZ

Oxirgi bir yil ichida o‘zbekistonlik bokschilardan bir necha nafari professional boksga o‘tdi. Ulardan biri – Rio Olimpiadasi sovrindori, havaskor boksda Osiyo va jahon chempioni Shahram G‘iyosov hozirga qadar prof-ringda 5 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida (4 ta nokaut) g‘alaba qozondi. Biz uning ta'til uchun qisqa muddatga O‘zbekistonga kelganidan foydalanib, intervyu uchun tahririyatimizga taklif etdik.

Shahram G‘iyosov «Kun.uz» bilan suhbat davomida turli mavzularda, xususan Amerikadagi hayot uni shaxs sifatida qanchalik o‘zgartirgani, professional va havaskor boksdagi murabbiylarning talabi o‘rtasidagi farq, Tokio Olimpiadasiga borishi yoki bormasligi, professional boksda raqib tanlash jarayoni qanday kechishi, hozirgi o‘zbek bokschilari orasidan kimni o‘ziga munosib raqib deb bilishi, Roy Jonsning uslublarini o‘rgangani haqida gapirib o‘tdi.

Rio Olimpiadasi sovrindori, shuningdek, navbatdagi jangi va professional bokschining kun tartibi borasida ham ma'lumot berdi. U g‘alabani Ronaldu uslubida nishonlash fikri qayerdan paydo bo‘lgani, ota-onalar farzandini boksga berishdan hayiqishi va bu bosqich unda qanday kechgani, o‘z o‘g‘li boksni tanlagan taqdirda bunga qanday munosabatda bo‘lishi, professional sportchining o‘zini tutishi va xulqi haqidagi mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Video: Facebook

Video: YouTube

Video: TasIX

Quyida suhbatning ayrim o‘rinlaridan parchalarni keltirib o‘tamiz.

- Amerikaga ko‘chib o‘tmasidan oldingi Shahram bilan hozirgisi o‘rtasida qanday farq bor?
- Musofir yurtda yurganingizda, sog‘inish tuyg‘usi bo‘ladi. Bu yerda bizga hurmat-e'tibor katta. U yoqda esa bizni hali hech kim tanimaydi. Bu har bir inson uchun kerakli tajriba, deb o‘ylayman. Negaki, ko‘tarilganidan so‘ng, ko‘p insonlar yulduzlik kasaliga uchraydi. Bizning u yoqqa ketishimiz bizni ana shundan saqlaydi.

4-5 yil oldingi Shahram qanday bo‘lsa, Amerikadagi hozirgi Shahram ham shunday: u o‘z ustida ishlaydi, uni hech kim tanimaydi; u esa hamma tanishi uchun, O‘zbekistonimiz bayrog‘ini tanitish uchun mehnat qiladi. Bu yerda men dam olaman, ko‘pchilikning ko‘z ostida bo‘laman. U yerda esa faqat o‘z ustida mehnat, azob chekasiz, hech kimni tanimaysiz. Mehnat qilmaysizmi, demak ringga chiqqach, yutqazasiz.

O‘ylaymanki, kim bo‘lishimizdan qat'i nazar, har doim inson bo‘lib qolsak, sportchi sifatida o‘z ustimizda ishlasak, hech qachon kam bo‘lmaymiz. Qanday bo‘lgan bo‘lsam, hozir ham shundayman.

- Professional boksdagi mashg‘ulotlar ancha qiyinligini aytdingiz. Murabbiylarning talabi anchagina farq qilar ekan-da?

- Professional boksda mashg‘ulotlar juda qiyin. Talab juda ham yuqori. Negaki, eng kam raundimiz – 6 raund. Oxirgi ikkita jangim 8 raunddan bo‘ldi. Bu yerda (O‘zbekistonda – tahr.) mashg‘ulotlarimiz 2 mahal – ertalab 1 soat, kechasi 2 soat edi. Kunora, bir kun bir mahal edi. U yoqda esa har kuni ikki mahal 2, 3, 4 soatdan mashg‘ulotda bo‘lamiz. Dam olish kuni faqat yakshanba. Dam olishga, o‘zni bemalol sezishga vaqt yo‘q. Faqat mehnat. Ertalab 5:30 da, tush vaqtidagi mashg‘ulot soat 13 da. Kechasi uchinchi trenirovka ham bo‘lishi mumkin, u – tiklanishga yordam beruvchi mashg‘ulot bo‘ladi, unda basketbol, tennis, futbol, suzish bilan shug‘ullanishimiz mumkin.

Farqi mana shunda – mashg‘ulotlar havaskor boksdan 2-3 barobar qiyinroq. 

- Professional boksda raqib tanlash jarayoni qanday bo‘ladi?

- Reyting janglari o‘zaro kelishgan holda tashkil etiladi. U sizga taklif bilan chiqishi ham mumkin yoki buning aksi. Hozir men reytingda birinchi o‘rinda turgan bokschiga taklif yubora olmayman, chunki menda hali bunga ruxsat yo‘q. Reytingim hali u qadar yuqori emas. Lekin uzog‘i 3-4 ta jangdan keyin istagan raqibga chaqiruv yuborishim mumkin bo‘ladi.

Sportchi professional boksga kirganida istasa-istamasa eng oxirgi – minginchi o‘rinda bo‘ladi. Sizning vazn toifangizda ming nafar sportchi bor. Men beshta jangimdan so‘ng kuchli 50-70 talikka orasiga kirganman. Yana 3-4 ta jangimdan keyin eng birinchi o‘rindagilarga ham taklif yuborishim mumkin. Hozirning o‘zida 2-3 nafar sportchiga chaqiruv yuborib ko‘rdim, ammo ular hozircha taklifimni qabul qilishmayapti. Agar shunday natijalar qayd etishda davom etsam, Xudo menga kuch-quvvat berib tursa, men taklif yuborganimda ular qabul qilishmasa, bu o‘zlari uchun minus bo‘ladi.

Hali yaxshi sport formasiga chiqa olganim yo‘q, deb hisoblayman. Yana mehnat qilish kerak. Men 40-50 o‘rinlar uchun Amerikaga borganim yo‘q. U yerda faqat birinchi bo‘lish uchun borganman.

Birinchi jangimda to‘rt nafar raqibdan rad javobi olgandim. Ular oldin: «Bo‘ldi, biz jangga tayyormiz», deyishadi. Menejyerim mening ismimni aytganidan keyin, internetdan janglarimni, kimligimni ko‘rib, ikki kundan keyin: «Yo‘q, biz tayyor emasmiz, jang qilmaymiz», deb javob yozishadi.

Murodjon Ahmadaliyev bilan ham shunday vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Bizning havaskor boksdagi yutuqlarimizni ko‘rib, rad javobini berib yuborishadi. Ayrim sportchilar esa aksincha, yaxshi raqib bilan jang qilishni yaxshi ko‘rishadi. Masalan, oxirgi raqibim – nikaragualik Laguna. U 14 ta jangda 14 ta g‘alabaga erishgan. Biz u qabul qilmasa kerak, deb o‘ylab taklif yuborib ko‘rgandik. Ammo biz rozimiz, degan javobni oldik.

Boksga mana shunday mard sportchilar kerak. Mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqadiganlar ham bor. Kim mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqsa, u buyuk natijaga erisha olmaydi, deb o‘ylayman. Sportchi hamma vaqt o‘zini sinab ko‘rishi kerak.

Ma'lumot uchun, Shahram G‘iyosov 1993 yilning 7 iyul kuni Buxoroda tug‘ilgan. Havaskor boksda jahon chempioni (2017), Olimpiya o‘yinlari sovrindori (2016), Osiyo chempioni (2017). 2015 yil Yakutskda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. U 2018 yil mart oyida professional ringdagi ilk jangini o‘tkazib, 1-raundning 7-soniyasidayoq raqibini polga qulatgan edi.

Top