17:00 / 11.10.2018
16671

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 3ta yangi modda bilan to‘ldirildi.

«91(1)-modda. Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish —

fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

91(2)-modda. Sanitar tozalash infratuzilmasi obektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish

Sanitar tozalash infratuzilmasi obektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish —

fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan 
uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

91(3)-modda. Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida dastlabki hisobga olish va nazorat qilish, shuningdek chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari bo‘yicha kadastr axborotlarini taqdim etish tartibini buzish

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida dastlabki hisobga olish va nazorat qilish tartibini buzish —

mansabdor shaxslarga ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari bo‘yicha kadastr axborotlarini taqdim etish tartibini buzish —

mansabdor shaxslarga ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Shuningdek, 123-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«123-modda. Transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish

Poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish —

eng kam ish haqining beshdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

161-moddaning sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi»;

163(1)-moddaning sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi»;

quyidagi mazmundagi 163(2)-modda bilan to‘ldiriladi:

«163(2)-modda. Suv ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish qoidalarini buzish

Suv ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish qoidalarini buzish —

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Top