16:27 / 11.10.2018
5921

Paraosiyo o‘yinlari. Suzishda yana ikki komplekt medallar shodasi O‘zbekiston vakillariga ataldi

Indoneziyada davom etayotgan Paraosiyo o‘yinlarida 11 oktabr kuni O‘zbekiston vakillari yengil atletika, suzish, dzyudo va pauerlifting musobaqalarida kurash olib bormoqda.

Qayd etish joiz, beshinchi kuniga kelib, O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 50 tadan oshdi.

Yengil atletika
Uzunlikka sakrash bahslarida Doniyor Soliyev 26-oltinni delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ygani xabar qilingan edi. Soliyevdan so‘ng disk uloqtirish bahslarida Safiya Burxanova 38,42 natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich bilan u Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangiladi.

Dzyudo
Bugundan dzyudo bo‘yicha jamoaviy bahslar boshlandi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda o‘zbekistonlik atletlar hal qiluvchi janglarni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan holda kumush medallar bilan taqdirlanishdi.

Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy dzyudo bahslarida O‘zbekiston vakillari bronza medali uchun mo‘g‘ulistonlik raqiblarga qarshi gilamga chiqib, bahslarni muvaffaqiyatli yakunlashdi va Yaponiya termasidan ustun kelgan Qozog‘iston dzyudochilari bilan bir pog‘onada shohsupadan joy olishdi.

Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Suzish 
Bu galgi Paraosiyo o‘yinlarida suzish musobaqalari shohsupasi yana ikki marta to‘la o‘zbekistonlik sportchilarga ataldi.

100 metrga batterflay usulida suzish bahslarida Shohsanamxon Toshpo‘latova oltin, Fotima Omilova kumush va Nigora Mirzohidova bronza medallariga ega bo‘ldi.

Xuddi shu yo‘nalishning erkaklar o‘rtasidagi bahslarida Islom Aslanov oltin, Kirill Pankov kumush va Dmitriy Xorlin bronza medalini qo‘lga kiritdi. 8 sportchi ishtirok etgan finalda, shuningdek, O‘zbekistonning yana bir vakili Muhammad Abduraimov beshinchi natijani qayd etdi.

Shu tariqa, hozirga kelib O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 58 taga yetdi. Ularning 28 tasi oltin, 16 tasi kumush va 14 tasi bronza. Bugun Yaponiya ham 28-oltin medalini qo‘lga kiritdi va kumush medallar soni evaziga 4-o‘ringa chiqib oldi. Endilikda 5-pog‘onadagi O‘zbekiston bilan 6-o‘rinni egallab turgan Indoneziyani 5 ta oltin ajratib turibdi.

Top