09:03 / 22.10.2018
45869

Avtotransportdan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etildi 

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etildi.

“Mashinasi bor odamlar yaxshi biladi. Bizda shunday tartib belgilanganki, oila a'zolari, yaqin qarindoshlar bir-birining mashinasidan maxsus ishonchnomasiz foydalana olmaydi. Soddaroq aytsak, bitta uyda, hovlida yashasak ham men otamning, otam mening nomimga rasmiylashtirilgan avtotransportdan foydalanishi uchun ancha vaqt va pul sarflab ishonchnoma olishimiz shart. Aka-ukalar, opa-singillar bilan ham xuddi shunday ahvol. Bu ham oilaviy byudjyetga zarar, ham hujjat tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflaysiz. Begona odamlarga ishonchnoma berishni tushunish mumkindir, lekin ota-ona bolasi, aka-uka, opa-singil bir-biriga ishonchnoma berishi, ochig‘ini aytsak qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham to‘g‘ri kelmaydi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

1990-yillarda mashina o‘g‘irlash bilan bog‘liq voqealar ko‘p edi. Balki o‘sha paytda bu tizim o‘zini oqlagandir. Lekin hozirgiday yurtimiz innovatsion jihatdan rivojlanib borayotgan, “Xavfsiz shahar” tizimi ishga tushirilgan, yo‘llarimizda videokameralar ishlab turgan paytda bunaqa ishonchnoma berish tartibiga zarurat bormikan, deyiladi petitsiyada.

Qayd etilishicha, avtotransport vositalaridan foydalanishda yaqin qarindoshlarning bir-biriga ishonchnoma berish tartibini bekor qilish kerak. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi, oilaviy byudjyetga yordam bo‘ladi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bozorlarda narxlarni sun'iy oshirmaslik bo‘yicha taklif berilgandi.

Top