12:24 / 31.10.2018
65622

Toshkentdagi fojia bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Sabablar o‘rganilmoqda

Foto: Getty Images

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi Saydimurod Saidaliyev Toshkent shahar Chilonzor  tumanida ro‘y bergan zaharlanish holati to‘g‘risida rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, xonadon egasining ayoli 2018 yil 30 oktabr kuni, taxminan soat 20:00da Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ro‘parasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona sixga tortilgan  qiyma kabob, tandir non va to‘g‘rab, uksus solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan. Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyda ayolning o‘zi, uning - 1996 yil, 2001 yil, 2003 yilda tug‘ilgan qizlari va 2012 yilda tug‘ilgan o‘g‘li bilan kabobni iste'mol qilishgan. 

Ayolning bergan ma'lumotiga ko‘ra, kabobda noxush hid va ta'm sezishmagan. Soat 23:30larda bolalar binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib uxlashgan. Ularda hech qanday kasallik belgilari bo‘lmagan. Ayolning taxminan soat 23:30larda boshi qattiq og‘rigan, ko‘ngli aynigan va ko‘p marta qusgan. Xonadon egasi kabob iste'mol qilingan vaqtda uyda bo‘lmagan, qo‘shnisinikida bo‘lib, taxminan soat 24:00da uyiga qaytgan. Ayolining sog‘lig‘i yomonlashganligi to‘g‘risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlashgan. 

2018 yil 31 oktabr soat 04:00da ayol ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko‘rganda bolalarini og‘zidan ko‘pik qusuqlari chiqib, behush xolda yotganligini ko‘rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan ayolning qizlari va o‘g‘lida biologik o‘lim holati qayd etilgan. Ayni paytda xonadon egasi sog‘lom, uning turmush o‘rtog‘iga esa Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli ekani aytiladi.

Ushbu xonadon egalari yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko‘chib o‘tishgan. Uy yerto‘lada o‘rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.

Yuzaga kelgan ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning topshirig‘iga muvofiq Bosh prokuratura, Ichki ishlar va  Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiya tuzildi. Komissiya tomonidan  ushbu holat bo‘yicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari o‘rganilmoqda. 

Xonadon va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit obektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. O‘rganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari xamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda bir oilaning to‘rt farzandi zaharlanish oqibatida vafot etgani xabar qilingandi.

Top