19:31 / 02.11.2018
49262

Yana 3 kishi is gazi tufayli vafot etdi

Toshkent shahar Yunusobod tumanida baxtsiz voqea tufayli uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Dastlabki ma'lumotga ko‘ra, ular is gazidan zaharlanishgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Kun.uz​ surishtiruviga ko‘ra, vafot etganlarning barchasi mavsumiy ish bilan shug‘ullanuvchi usta bo‘lib, tabiiy gazdan foydalanishdagi ehtiyotsizligi tufayli is gazidan zaharlanishgan. Bu voqea 1 noyabr kuni yuz bergani aytilmoqda. Bosh prokuratura Matbuot xizmati ushbu hodisani tasdiqlab, holat yuzasidan rasmiy axborot taqdim etilishini bayon qildi.

Kun.uz​ muxbiri suhbatlashgan manbaga ko‘ra, havo haroratining keskin sovib ketishi, shaharda isitish tiziming samarali ta'minlanmagani ushbu holatlarni kelib chiqishga sabab bo‘lmoqda. Xususan, aholi tabiiy gazdan uyni isitish vositasi sifatida foydalanishga majbur bo‘lyapti.

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki kun avval Chilonzor tumani Dilxush ko‘chasida istiqomat qiluvchi oilaning to‘rt a'zosi is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgandi. Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 31 oktabrdagi xulosasiga ko‘ra, A.A., E.A., I.A. va F.A.larning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish, bosh miya va o‘pkalar shishi natijasida kelib chiqqan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasida tuzilgan tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari ustidan tegishli nazorat o‘rnatilgan. 

Vaziyatni chuqur o‘rganish maqsadida shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Mazkur komissiyaga O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchilik qiladi. Qayd etilishicha, mos ravishda viloyat va tumanlarda ham namunaviy ko‘rinishda komissiyalar tuziladi.

Top