20:50 / 08.11.2018
12034

Gaz uskunalaridagi nosozliklar natijasida sodir bo‘layotgan noxush voqealarning sabablari qayerda yashiringan?

So‘nggi vaqtlarda xonadonlarda tabiiy gaz, elektr va ayniqsa isitish tarmoqlarining nosozligi oqibatida kelib chiqayotgan noxush voqealar barchamizni tashvishlantirmasdan qolmayapti.

Jumladan, 2018 yilning o‘tgan 10 oyida gaz asbob-uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish hamda chaqnash va yong‘in natijasida gaz-havo aralashmasi bilan bog‘liq 21ta holatda 51 kishi jarohatlangan va 15 kishi vafot etgan. Maishiy gaz balonlar bilan bog‘liq 10ta holatda 10 kishi jabrlangan, 7 kishi vafot etgan. Is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 kishi jarohatlangan, 35 kishi vafot etgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida bo‘lib, is gazidan 11 kishi vafot etgani haqida rasmiy ma'lumotlar e'lon qilindi.

Ayniqsa Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi oilaning to‘rt a'zosi is gazidan zaharlanib vafot etgani jamoatchilik orasida qattiq rezonans keltirib chiqardi. Insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan bunday noxush voqealar Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida va Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ro‘y berdi.

Bunday hodisalar yuz berishiga nima sabab bo‘lmoqda? Tahririyatimizga mushtariylarimizdan biri yo‘llagan xatda bunday noxush voqealar yuz berishiga sabab bo‘luvchi omillardan biri ochib berilgan.

«Sizlarga murojaat yo‘llashimdan maqsad bugungi kunda so‘nggi paytlarda is gazidan zaharlanish yoki gazni portlashi yuzasidan sodir bo‘layotgan hodisalar yuzasidan fikr bildirmoqchi edim. Yaqinda bir tanishim menga bir voqeani aytib berdi. Men bu voqeani to‘liqligicha yozib berib, keyin boshqa xulosalarim to‘g‘risida to‘xtalmoqchiman.

Ushbu tanishim, shu kunlari hovlisidagi gaz quvurlari eskirganligi tufayli, ularni almashtirmoqchi bo‘lib tuman gaz idorasiga murojaat qiladi. Tuman gaz idorasidagilar ular bunday ishlarni bajarmasligi, buning uchun ularning shtatlarida yetarlicha xodimlar mavjud emasligini bildirib, bunday ishlarni bajaradigan maxsus ruxsatnomasi bo‘lgan xususiy korxonalarga murojaat etishni aytib, shunday korxonalardan birining telefon raqamini berishadi.

Bu xususiy korxonaga qo‘ng‘iroq qilingach, ularning vakillari kelib, 10 metr atrofidagi gaz quvurini almashtirish va hisoblagichni boshqa joyga ko‘chirib berish uchun naq 550 ming so‘m ish haqi so‘rashadi (bu holda barcha ishlatiladigan materiallar xonadon egasi tomonidan sotib olib berilishini aytishadi).

Vaholanki, qilinadigan ish bu — quvurni ikki joyidan kesish va keyin yana ikkita boshqa joyga ulash. Eng qizig‘i, ushbu korxona vakillaridan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tasdiqlangan preyskurant yoki boshqa bir hujjat mavjudmi deb so‘ralganda, ular xohlasa shu, xohlamasa vaqtlari yo‘qligini aytib ketishadi.

Shunda xonadon egasi noilojlikdan iltimos qilib, ularni chaqirib, rozi ekanligini bildirib, qarz ko‘tarib xizmat haqini to‘laydi. Ana endi haqli bir savol tug‘iladi: demak qo‘li kaltaroq odam bu ishlarni o‘zi qo‘lbola tarzda bajaradimi yoki o‘sha eski yaroqsiz holga kelgan gaz quvurlaridan foydalanaveradimi? Bunday xo‘jasizlik natijasida bugungi kunda bot-bot uchrayotgan noxush holatlar kelib chiqmaydimi?

Mutasaddi tashkilotlar fuqarolarga tabiiy gaz va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishni so‘rab murojaat qilmoqdalar, lekin yong‘in xavfsizligiga rioya etmaslikka sabab bo‘layotgan omillar oldini olishga kelganda esa bozor iqtisodiyoti prinsiplari qo‘llaniladi.

Albatta, men bunday ishlarni xususiy sektor tomonidan bajarilishiga qarshi emasman, lekin ushbu ishlarni adolatli va shaffof tarzda o‘tkazish tarafdoriman.

Menga qiziq, soliq idoralari tomonidan faoliyatning ushbu turi bilan shug‘ullanayotgan xususiy korxonalar to‘layotgan soliq va boshqa majburiy ajratmalar biror marta tahlil qilinganmikan? Tabiiy gazdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, bunday xizmat turini ko‘rsatuvchi korxonalar bugungi kunda yetarlimikan, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar narxlari kim tomonidan belgilanadi? Ushbu korxonalar xufyona iqtisodiyotning bir bo‘lagini tashkil etmayaptimikan?

Gap aholi xavfsizligi va sog‘lig‘i haqida borar ekan, bunday xizmat turlari narxlarini tushirish va ularga qandaydir soliq imtiyozlarini berish haqida o‘ylab ko‘rish kerak emasmikan?

Men ushbu murojaatim orqali aynan biror gaz idorasi yoki yuqoridagidek xizmat turini ko‘rsatadigan xususiy korxonaning faoliyatiga to‘xtalmoqchi emasman, bu muammo tizimli muammo sanaladi, ushbu masalani to‘liq o‘rganib chiqib, aniq choralar ko‘rish lozimligini bildirmoqchiman», — deb o‘z fikrlarini izhor etadi M. ismli o‘quvchi.

Qayd etish joizki, bu borada hukumatning tegishli qarorlari qabul qilingan. Biroq ularga joylarda amal qilinmoqdami?

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №22 sonli qarorini olaylik.

Ushbu qarorga 2-ilovaning 136-bandida Gaz ta'minoti tashkiloti iste'molchilarning gazdan foydalanish uskunalari va gaz tarmoqlariga belgilangan tartibda texnik xizmat ko‘rsatishi hamda ularni taftishdan o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.

Davomidan, ilovaning 139-bandida d) belgilangan tartibda tutun mo‘rilari, mo‘rilarning kallaklarini va ventilyatsiya kanallarining holatini o‘z vaqtida tekshirilishini tashkil qilish; ye) tutun mo‘rilari va ventilyatsiya kanallaridagi nosozliklar to‘g‘risida yong‘in xavfsizligi xizmatlariga nosozliklarni tuzatish uchun zudlik bilan xabar berish — maishiy iste'molchilar majburiyatlari sirasiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi «Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №901-sonli qarorida hududlardagi ko‘p qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylarni kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash hamda xonadonlarni isitishda tabiiy va suyultirilgan gaz, qattiq yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlash qoidalariga rioya etmaslik holatlari uchrab turgani, buning oqibatida aholi xonadonlarida yong‘in kelib chiqishi yoki is gazidan zaharlanish holatlari ro‘y berib, insonlarning hayoti va salomatligiga jiddiy zarar yetkazilayotgani hamda ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan hamda moddiy zarar bilan yakunlanadigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

Hukumatning mazkur qarori 4-bandida «O‘ztransgaz» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi, «O‘zdavneftgazinspeksiya» davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholi xonadonlarining ichki gaz tarmoqlari hamda gazda ishlovchi qurilma va uskunalarining texnik taftishdan o‘tkazilishini va ularga profilaktika xizmati ko‘rsatilishini ta'minlashi belgilangan.

Unga ko‘ra, yuqorida nomlari tilga olingan tashkilotlar turar joylardagi dudburonlar va ventilyatsiya kanallarini — har yilgi isitish mavsumidan oldin tekshirib, ularning sozligini tegishli dalolatnomalar bilan qayd etishi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qo‘lbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rishi belgilab qo‘yilgan.

Sh.Shokirjonov tayyorladi

Mavzuga oid
Top