18:30 / 11.11.2018
53166

Buyuk urush va sulh vagoni: dunyoning 70dan ortiq davlatlari Parijda nega yig‘ildi?

Foto: AFP

Yuz yil avval, 1918 yilning 11 noyabrida fransuz marshali Ferdinand Foshning Kompen o‘rmonidagi vagon-shtabida nemis delegatsiyasi rahbari general-mayor Detlof fon Vinterfeld bilan sulh imzolangandi. Artilleriya qurollari 101 marta salyut beradi va G‘arbda keyingi yigirma yil davomida o‘q uzilmaydi. Frantsuzlar Grande guerre deb ataydigan to‘rt yil davom etgan Birinchi jahon urushi nihoyasiga yetadi.

Bugun Parijda o‘tkaziladigan xotira marosimiga jahonning turli davlatlari yetakchilari yetib kelishdi.

© AP Photo

Kunning ikkinchi yarmida jahon yetakchilari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan tashkillashtirilgan va «zamonaviy dunyoda taranglik oshib borayotganiga javob bo‘lishi» kutilayotgan Tinchlik forumida ishtirok etishdi.

Buyuk urush

Nazariy jihatdan urushning barcha qatnashchilariga taalluqli mazkur sana o‘tgan bir asr davomida faqatgina Fransiya va Belgiya uchungina to‘laqonli bayram bo‘lib qoldi. O‘n birinchi noyabr bu davlatlarda hamisha dam olish kuni hisoblanadi. Birlashgan Qirollikda esa 11 noyabrga yaqin bo‘lgan yakshanba kuni Xotira kuni sifatida nishonlanadi.

© AP Photo / Francois Mori

Urushning qolgan qatnashchilari esa bu kunni tantana qilmaydi. Ayniqsa, Avstro-Vengriya va Germaniya uchun nishonlaydigan arzirli narsaning o‘zi yo‘q. Ular 1918 yil noyabrda o‘z davlatchiliklaridan ayrilishgan, g‘oliblar – fransuzlar esa nemislar mag‘lub bo‘lganliklaridan yig‘lab alamli ko‘zyosh to‘kishlari uchun ularning faqatgina ko‘zlarini qoldirishga tayyor edi. 
Ularning bu maqsadlari amalga oshdi. Germaniya sulh shartlariga ko‘ra qo‘shinlarini nafaqat Fransiya, Belgiya va Lyuksemburgdan, balki Elzas va Lotaringiyadan hamda Reyn bo‘yidan ham olib chiqib ketishi lozim edi. Ittifoqchilarga o‘z floti, aviatsiyasi va artilleriyasini berishdan tashqari, Germaniya g‘oliblarga besh mingta parovoz va 150 mingta vagon tayyorlab berishni zimmasiga olgandi.  

Fransiyada Buyuk urush davomida 1 million 293 ming askar halok bo‘lgan – aholining 3,2 foizi. Ikkinchi Jahon urushida esa 230 ming yoki aholining 0,6 foizi. Angliyada ham shunaqa. Buyuk urush 702 ming askar yoki aholining 1,5 foizi umriga zomin bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi esa 286 ming askar yoki aholining 0,5 foizi.

Urush ichidagi urush

Iprda gaz hujumi
Foto: Vikipediya

Birinchi Jahon urushi yana bir urush – kimyoviy qurollanish poygasining ibtidosi bo‘ldi. Belgiyaning Ipr shahrida ilk bor ommaviy ravishda kimyoviy qurol qo‘llandi.
Ipr shahri va uning atrofi 1914 yil kuzidan qaqshatqich janglar maydoniga aylangandi. 1915 yil mayda shaharni tinch aholining so‘nggi vakili tark etdi va bu yer to‘lig‘icha jangovar harakatlar hududiga aylandi.

Germaniya qo‘mondonligi mazkur hududni kimyoviy qurollarni sinash poligoni sifatida tanladi: 5,8 mingta ballonga joylashtirilgan 150 tonna xlor frontning 6 kilometrlik hududidagi atmosferaga sepildi.  

Aksariyat tarixchilar 1915 yil bahorida Ipr atrofida nemis qo‘shinlari tomonidan Fransiya va Belgiya harbiy qismlariga qarshi xlorning qo‘llanilishini kimyoviy urush ibtidosi deb hisoblash mumkinligini aytishadi.

«Xlor zudlik bilan va dahshatli ta'sir qilgan. Avvaliga hech kim nima bo‘layotganini ham tushunmagan», deydi «Buyuk kimyoviy urush» mavzusini o‘rganuvchi tarixchi Olive Lepik. Ilk ommaviy kimyoviy hujum qurbonlari soni aniq emas: 2 mingdan 5 minggacha kishi halok bo‘lgan va 10 minggacha kishi jabrlangan deb hisoblanadi. Ammo Lepikning aytishicha, 800dan 1,2 ming nafargacha kishi halok bo‘lgan.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay fransuz va britan qo‘shinlari kimyoviy qurolni sanoat miqyosida ishlab chiqarishga kirishdi. Ekspertning aytishicha, 1915 yil kuziga kelib frontdagi britaniyaliklar tasarrufida 6 mingta idishda 180 tonna xlor bo‘lgan.

Frantsuzlar ham qarab turishmagan: o‘sha yil iyunida jangovar kimyoviy moddalar bo‘yicha boshqarma tashkil etilgan, zaharli moddalar to‘ldirilgan snaryadlar ishlab chiqarilgan.

«1915 yilda Yevropadagi janglarning barcha ishtirokchilari jami 3,6 ming tonna kimyoviy moddadan foydalangan bo‘lsa, 1918 yilda bu raqam 59 ming tonnani tashkil etgan», deydi Lepik.

«Sulh vagoni»

Kompen o‘rmonida sulh tuzishda foydalanilgan vagonning (fransuzcha — Wagon de l'Armistice — «sulh vagoni») ham taqdiri qiziq. 1914 yilda qurilgan vagon-restoran urush vaqtida shtab uchun jihozlangan va 1918 yil 11 noyabrda uning ichida sulh tuzilgan. 1927 yilda vagon Kompen o‘rmonidagi maxsus qurilgan pavilonga joylashtirilgan.

1940 yilda Gitler uni tarixiy joyiga qo‘yishga buyruq bergan va 22 iyun kuni ikkinchi Kompen sulhi – Fransiyaning taslim bo‘lishi haqidagi hujjat imzolangan. So‘ngra vagon Berlinga olib ketilgan va 1945 yil bahorida Gitlerning buyrug‘i bilan yoqib yuborilgan.

Foto: Vikipediya

1950 yilda fransuzlar 1913 yilda qurilgan xuddi ana shunday vagonni topib jihozlashgan va avvalgi o‘rniga joylashtirishgan.

Dilshodbek Asqarov tayyorladi

Mavzuga oid
Top