08:26 / 12.11.2018
4821

Formula-1: Hemiltonning navbatdagi g‘alabasi va poygachilar o‘rtasida chiqqan mojaro 

Foto: Getty Images

“Formula-1” avtopoygasining Braziliya Gran-prisida avvalgi bosqichda o‘ziga chempionlikni ta'minlab qo‘ygan “Mercedes” jamoasi poygachisi Lyuis Hemilton navbatdagi marta g‘olib bo‘ldi. U shu g‘alabasi evaziga o‘z jamoasiga qatorasiga beshinchi yil konstruktorlar kubogini keltirdi. 

Marraga ikkinchi bo‘lib Maks Ferstappen, uchinchi bo‘lib Kimi Raykkonen yetib keldi. 

Poyganing aksariyat qismida yetakchilik qilgan Ferstappen davralardan birida Force India a'zosi Esteban Okon bilan to‘qnashib ketdi. Natijada Ferstappen trassadan chiqib ketib, yetakchilikni boy bergan va marraga ikkinchi bo‘lib kelgan. Gollandiyalik poygachi g‘alaba uchun kurash olib borayotgan bir paytda undan bir davra ortda qolayotgan Okon undan o‘zib ketmoqchi bo‘lib, hujum qilganidan achchiq bildirgan. Radiomuloqot vaqtida Ferstappen Okonni ushbu ishi uchun  “ahmoq” deb atagan.

Okon voqeada aybdor deb topilib, 10 soniyalik jarima bilan jazolangan, biroq bu Ferstappenga taskin bermagan. U poygadan keyin fransuzning yoniga kelib, unga o‘z e'tirozlarini bildirgan va bir necha bor yelkasidan itargan. Gollandiyalik ushbu qilmishi uchun ikki kunlik jamoat ishlari bilan jazolangan.

Poyganing so‘nggi 21-bosqichi Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi.

Top