09:09 / 12.11.2018
7562

Isroil bosh vaziri G‘azo sektoridagi keskinlashuv sababli Parijdan barvaqt qaytishga qaror qildi

Foto: Philippe Wojazer / Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Birinchi jahon urushi yakunlanganining 100 yilligi munosabati bilan tadbirlar bo‘lib o‘tayotgan Parijdan G‘azo sektorida yuz bergan voqealar sababli barvaqt qaytishga qaror qildi. Bu haqda The Jerusalem Post nashri ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, Netanyaxu 12 noyabrda Fransiya prezidenti va yahudiy jamoa yetakchilari bilan uchrashuvi belgilanganiga qaramay, shu kuni ertalab Isroilga qaytadi.

Bosh vazirning ortga qaytishiga G‘azo sektoridagi voqealar sabab bo‘ldi. Bu yerda 12 noyabrga o‘tar kechasi Isroil armiyasi maxsus kuchlari Xan-Yunis shahrida operatsiya o‘tkazishi vaqtida XAMASning harbiy bo‘linmalaridan birining qo‘mondoni o‘rinbosari Nur Barak va 5 falastinlik o‘ldirilgan. 

Isroil armiyasi XAMAS qo‘mondonini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazmagani, u sektorda xavfsizlikni ta'minlash vaqtida kelib chiqqan to‘qnashuv vaqtida o‘ldirilganini ma'lum qilgan. Keyinroq Isroil armiyasi otishma vaqtida bir zobiti halok bo‘lgani, yana biri yaralanganini ma'lum qilgan.

XAMAS vakili Favzi Bahrom “Isroilning razilona tajovuzini” qoralagan va Falastin kuchlari dushmanga javob berishga tayyorligini aytgan. 

Operatsiya o‘tkazilishi vaqtida Isroil harbiy aviatsiyasi G‘azo sektori hududiga bir nechta zarba bergan. Bunga javoban G‘azo sektoridan Isroil tomon kamida 10 ta raketa otilgan. Ulardan ikkitasi urib tushirilgan, chegaradagi bir nechta shaharlarda havo trevogasi yangragan.

Mavzuga oid
Top