15:47 / 12.11.2018
12488

O‘zbekiston og‘ir atletikachilari jahon chempionatidan 1 ta oltin, umumiy 5 ta medal bilan qaytdi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 88 mamlakatidan 600dan ziyod sportchilar ishtirok etdi. Bahslarda O‘zbekiston sharafini 12 nafar sportchi himoya qilib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Bugun, 12 noyabr kuni jahon chempionatida ishtirok etgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar O‘zbekistonga qaytib keldi. Ular Toshkentdagi janubiy vokzalda sport jamoatchiligi tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqada -102 kg vazn toifasida qatnashgan Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. -67 kg vazndagi Doston Yoqubov siltab ko‘tarishda kumush medal sohibiga aylandi. -109 kg vazn toifasida bellashuvlarda Ruslan Nuriddinov siltab ko‘tarishda bronza medaliga ega chiqdi. +109 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Rustam Jangabayev siltab ko‘tarish va ikkikurash natijalariga ko‘ra bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

-102 kg vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik Akbar Jo‘rayev jahon chempionati kashfiyoti bo‘ldi. 19 yoshli sportchi kattalar o‘rtasidagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 2020 yilda 21 yoshga to‘ladi va ayni kuchga kirgan paytida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin.

Ma'lumot uchun, Tokio Olimpiadasiga reyting ochkolarini beruvchi musobaqalar 6 ta bo‘lib, Ashxobodda ularning dastlabkisi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ham 5 ta medalga (1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza) sazovor bo‘lgan edi.

Top