16:18 / 15.11.2018
14611

30 yoshdan oshganlarni qanday qilib o‘qishga qiziqtirish mumkin?

Foto: Richard Baker / Pictures Ltd. /Corbis via Getty Images

«Bir umrlik talaba» — kulgili anaxronizm emas, aksincha, kelajak odami. Kechagina bir umrlik tuyulgan kasb ko‘z oldimizda yo‘qolib bormoqda, kechagi professionallar esa yana o‘qishiga to‘g‘ri keladi. 

Shu yerda muammo yuzaga keladi, aniqrog‘i besh muammo: 

1. Aksariyat katta yoshlilar maktab o‘quvchilari va talabalardan farqli o‘laroq, «ko‘p narsani bilishadi»: ularning miyasi ma'lumotlarga to‘la, shu bois katta yoshlilar yangi bilimlar haqida orzu qilishmaydi. 

2. Yosh katta bo‘lgan sari «o‘qish uchun kech» hisoblanadi. Boston Consulting Group baholariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlarida ish beruvchilar o‘z xodimlarining bilimlarini oshirish uchun boshqa davlatlarga nisbatan ko‘p baravar pul sarflashar ekan. 

3. Maktabdagi motivatsiya tizimi hisoblangan baholar, imtihonlar, ota-ona maqtovi katta yoshlilarga «o‘tmaydi». 

4. Maktab va oliy ta'lim muassasasidagi o‘qish jarayoni tugaganiga ko‘p yillar bo‘lgan. Katta yoshli odam o‘qish ko‘nikmasini yo‘qotadi. 

5. Katta yoshlilarning aksariyati bazo‘r o‘qiydi. Ular kurslar yoki treninglarda odatda ish beruvchining topshirig‘iga ko‘ra qatnashishadi. 

Yevropa mamlakatlarida allaqachon bu masala hal etilgan: u yerda ancha yillardan buyon katta yoshlilarni o‘qishga jalb qilishga doir ko‘p bosqichli tizim mavjud. 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan kishilar qisqa muddatli kurslar, qiziqishlariga oid to‘garaklar, mahorat darslariga qatnashadi, ba'zilari esa hatto yangi mutaxassisliklarni o‘zlashtirishadi. Katta yoshli o‘quvchilar odatda «bolalar kasalliklari»dan aziyat chekishadi: motivatsiya yo‘q, tartib yo‘q, o‘qituvchiga quloq solishmaydi. Biroq ularning o‘ziga yarasha katta muammolari bor. Ular qanday hal qilinadi? Forbes Yevropa ta'lim markazlari tajribasidan olingan bir necha maslahati bilan bo‘lishdi. 

Amaliy bilimlarga urg‘u bering

O‘quv materiali o‘quvchilarning yoshi va qiziqishlariga to‘g‘ri kelishi kerak. Demak, katta yoshli kishilar bilan asosiy e'tiborni amaliy bilimlarga qaratish lozim. O‘qituvchi berayotgan barcha bilimlarni ular sinfdan tashqariga chiqishlari bilan real hayotda qo‘llay olishi kerak. Masalan, Germaniyaning Dortmund shahridagi 50 yoshdan kattalar o‘qiydigan universitetda keksa talabalar besh ma'ruza va seminar semestridan keyin amaliyot o‘tashadi hamda tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha u yoki bu ishni bajarishadi (Dortmundda olti yo‘nalishdan biri bo‘yicha ta'lim olish mumkin – ijtimoiy gerontologiya, sotsiologiya, tarbiyaviy ishlar, psixologiya, falsafa va teologiya). Amaliyot o‘tash joylari sifatida qariyalar pansionatlari, bolalar bog‘chalari, maktablar kabi joylar taklif qilinadi yoki qo‘shnilar orasida jamoatchilik ishlari tashkil qilinadi. 

Bolalar kabi bo‘ling

Ba'zi mamlakatlarda katta yoshli kishilarni bolalar bilan bir partaga o‘tqizishadi. Bu ham insonni o‘z bilim doirasi ustida o‘ylashga majbur qiluvchi ajoyib rag‘batdir. Irlandiyadagi davlat ta'lim loyihalaridan birining asosiy maqsadi — ota-onalarni maktab ta'limi jarayoniga jalb qilish. Ularga bolalar bilan uy vazifalarini qanday bajarish kerakligi, maktab ma'muriyati va o‘qituvchilar bilan muloqot qilish yo‘llari o‘rgatiladi. Katta yoshli kishilar ta'lim jarayoniga qo‘shilib, o‘zlarining o‘quv ko‘nikmalarini yaxshilashadi. Bolalar esa bu dasturda ota-onalarini ta'limni davom ettirishga undovchi “qarmoq” vazifasini o‘tashadi. 

O‘quvchilarni «og‘dira bilish» kerak

Ko‘p Yevropa mamlakatlarida katta yoshli aholi o‘rtasida faol targ‘ibot ishlari olib boriladi. Agar bir yo‘nalishda professional mahorat cho‘qqisini egallagan kishi yangi mutaxassislikni o‘zlashtirish zarur yoki yo‘qligi borasida ikkilansa, «agitatorlar» — odatda ta'lim sohasidagi maslahatchilar — unga motivatsiya berib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashadi. «Agitatorlar» kompaniyalar, hamjamiyatlarga kelib, odamlar bilan shaxsan tanishishadi. Hatto telefon yoki elektron yozishmalar orqali ham bunday qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lish mumkin. Maslahatchilarning shiori — «O‘qishning erta kechi bo‘lmaydi» («It is always a good time to learn»). Sloveniya katta yoshlilar ta'lim masalalari bo‘yicha instituti butun mamlakat bo‘ylab tajribali maslahatchilar ishlaydigan konsultatsion markazlar tarmog‘ini ochdi. Bu tarmoq imkon qadar ko‘proq kattalar uchun kurslarga ixtisoslashgan mahalliy ta'lim markazlari, murabbiy va repetitorlarni birlashtirishni maqsad qilgan. Ular bari allaqachon ishlaydigan kishilarga «o‘qishni o‘rganish»ga yordam berishadi, katta yoshli o‘quvchilar istagan vaqtda o‘z bilimlari sifatini baholay olishi va malakasini avvalgidek tasdiqlay olishiga turtki berishadi. 

Shvetsiyada bunday majburiyat ijtimoiy soha xodimlari zimmasiga yuklatilgan. Ular o‘z ta'limini davom ettirishni istamagan yoki bunga tayyor bo‘lmagan odamlarga motivatsiya berish maqsadida ular bilan suhbatlashishadi. Ta'lim tizimi bir necha tur (rasmiy, norasmiy va erkin bepul)ga taqsimlanuvchi Finlyandiyada ham bu borada jiddiy ishlar amalga oshiriladi. Finnlar istagan yoshida turli kurslarda o‘qishi mumkin — xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, san'at va hunarmandchilikdan tortib to sport bilan shug‘ullanishgacha. 

O‘qish sog‘liq uchun foyda

O‘qish nafaqat professional talablar nuqtai nazaridan, balki inson sog‘lig‘i uchun ham foydalidir, u yaxshi jismoniy holatni saqlab qolishga yordam beradi. Yevropa komissiyasining 2015 yilgi hisobot ma'ruzasida shu haqida so‘z yuritilgan, unda Yevropada katta yoshlilarni o‘qitish siyosati va uning samaradorligi tahlil qilingan. Professional ta'limni davom ettirayotgan o‘rta yoshdagi odamlar ular uchun muhim bo‘lgan tibbiy ta'limni katta mas'uliyat bilan qabul qilishadi.

Xulosa. Bugunning o‘zidayoq an'anaviy ta'lim modeli o‘tmishda qolayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bugun u yoki bu sohada ekspert bo‘lish uchun besh yillab nazariyani o‘rganishga hojat yo‘q: har qanday bilim ham eskiradi, zero texnologiyalar, mahsulotlar va hatto sohalarning hayot sikli qisqaradi. Shunday ekan, har bir inson, yoshi nechada bo‘lishidan qat'i nazar, o‘zini o‘qishga majbur qilishi kerak. Asosiysi, bilimlar emas, jarayonning o‘zi muhim ahamiyatga ega. Bugunga kelib, hatto ish beruvchilar ham xodimlarni muayyan kompetensiyasiga emas, noaniq vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra bilishi, tez moslashuv xususiyati va o‘zini «qo‘lga ola bilishi» uchun yollashga harakat qilishadi. 

Mavzuga oid
Top