22:48 / 20.11.2018
34601

Prezident Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishini yana bir bor ko‘zdan kechirdi. 

«Bu yerda zamonaviy arxitektura yutuqlariga muvofiq loyihalar va davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chog‘ida berilgan ko‘rsatmalar asosida jadal qurilish ketmoqda. Biznes markazlar, mehmonxonalar, kongress-xol, ofislar, ko‘p qavatli uylar, restoranlar va boshqa obektlar yettita lotga ajratilgan holda bunyod etilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident besh yulduzli mehmonxonada quriladigan xonalar, zallar namunalari bilan tanishgan. Xonalarning har bir detaliga e'tibor qaratib, ularning dizayni va qulayliklari bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Xonalar yorug‘ va bahavo bo‘lishi, ularni bezashda odamlarning kayfiyatini ko‘taradigan, ochiq ranglardan foydalanish kerakligini ta'kidlagan.

Mehmonxonaga tutash tarzda yana bir yirik inshoot – kongress-xoll qurilmoqda. Unda oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Shavkat Mirziyoyev kongress-xollni xalqaro standartlar asosida qurish, yirik delegatsiyalarni qabul qilish uchun zarur qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Prezident Gardens Residence turar joy kompleksini ham borib ko‘rib, namuna sifatida qurilgan 2 va 4 xonali uylarni ko‘zdan kechirgan. 

Sakkiz gektar maydonni egallaydigan ushbu kompleks to‘qqizta ko‘p xonadonli uydan iborat bo‘ladi. Ularni loyihalashda barcha jihatlar inobatga olingan. Bolalar, ota-onalar, mehmonlar uchun alohida qulayliklar ko‘zda tutilgan. 

Davlat rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy uylarda yashashga haqli ekani, Yevropa va Osiyoning rivojlangan mamlakatlari standartlari asosida qurilgan bu uylar yurtdoshlarimizga berilishini ta'kidlagan. Mazkur turar joylar xaridorlarga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida taqdim etiladi.

Top