01:16 / 21.11.2018
4565

Muhojirlarni qutqarishda ishtirok etgan kema atrof-muhitni ifloslantirgani uchun ushlandi

Italiya mutasaddi idoralari O‘rta yer dengizida muhojirlarni qutqarish bilan shug‘ullanuvchi Aquarius kemasini ushlashga buyruq berdi. Kema ekipaji atrof-muhitni ifloslantirishda gumon qilinmoqda.

Italiyalik tergovchilar “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti va SOS Mediterranee xayriya jamg‘armasi tomonidan ijaraga olingan kema Italiyaning 11 ta portida 24 tonna xavfli va zaharli chiqindini oddiy chiqindi sifatida qoldirganlikda gumon qilmoqda. 

Jumladan, Sitsiliyadagi Kataniya shahrida prokurorlar ko‘plab muhojirlarni tashigan kemadan qanday kiyimlar, oziq-ovqat qoldiqlari va sanitar chiqindilar tashlanganini o‘rganishmoqda.

Ta'kidlanishicha, kemada ba'zi muhojirlar OIV, sildan aziyat chekadi. “Chegara bilmas shifokorlar”da barcha muhojirlar portga kelgach maxsus nazorat jarayonidan o‘tkaziladi. Biroq tegishli idoralar dengizda suzish vaqtida tekshiruvlar o‘tkaza olishmagan.

“Bu O‘rta yer dengizidagi gumanitar yordamga qarshi yana bir zarba”, deb ta'kidlab o‘tgan SOS Mediterranee operatsiyalari rahbari Frederik Penar.  

Aquarius kemasi gumanitar tashkilotlar tomonidan O‘rta yer dengizida falokatga uchragan muhojirlarga yordam ko‘rsatishda qo‘llangan. 

Top