20:08 / 21.11.2018
7705

O‘zbekistonda Yoshlar Media-forumi va «Ozod yurt to‘lqinlari» XI an'anaviy media-festivali bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashkil etilganining 15 yilligi munosabati bilan Zarafshon konsert zalida Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan Yoshlar Media-forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi – Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi – Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori – Sherzod Qudratxo‘jayev, «Vodiy sadosi» radiostansiyasi bosh muharriri – Feruza Abdurahmonova spiker sifatida qatnashib, bugungi kun jurnalistikasi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Forum doirasida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamkorligi natijalari, 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, turli muhokamalar, yoshlar ishtirokida yangi dasturlar taqdimoti o‘tkazildi.

«O‘zbekiston yoshlari hayotini keng va rang-barang yoritish maqsadida Yoshlar ittifoqi muassisligida «Yoshlar» va «Mening yurtim» telekanallari, «Yoshlar ovozi» radiosi hamda «Yoshlar ovozi» va «Molodyoj Uzbekistana» gazetalari, «Yosh kuch», «Dugonalar» jurnallari faoliyat yuritadi. 2019 yilda ushbu nashrlar yangicha yondashuv asosida yoshlarbop ko‘rinishda qiziqarli, yangiliklarga boyligi bilan  yosh qalblarni zabt etadi», – deydi Qahramon Quranboyev. 

O‘tkazilayotgan Yoshlar media forumi davomida jurnalistlar stipendiyasi tanlovi e'lon qilinib, unga oid videorolik namoyish etildi. Shuningdek, kelgusi yilda  har bir hududda yoshlar media markazlari tashkil etilishi alohida ta'kidlandi.

«Majburiy obunani yoqlamayman. Chunki hech kimni majburan o‘qitib bo‘lmaydi. Agar gazetalarda aniq, qisqa va sifatli axborot berib borilsa, gazetxonning o‘zi ixtiyoriy ravishda obuna bo‘ladi. Eng muhim kapital — insoniy kapital. U asosan, kitobxonlik va ta'lim orqali rivojlantiriladi», — deydi Sherzod Qudratxo‘jayev.

Mazkur tadbir O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi  va  O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etildi.

Yakunda Yoshlarga oid davlat siyosatini keng targ‘ib qilish, yoshlar hayotini yoritishdagi faolligi uchun «O‘zbekiston 24» telekanalidan Hulkar Bo‘riyeva, Muslima Omonqulova, «Yoshlar» telekanalidan To‘lqin Alibekov, «Mening yurtim» telekanalidan Sarvar Bahodirov, Husnora Sa'dullayeva va «Sevimli» telekanalidan Kamron Alimqulov, Sharofat Mahmudova, «Zo‘r TV» telekanalidan Jahongir Xo‘jayev, «UzReport TV»dan Gulnoza Husanova, O‘zEOAVMA Radio Axborot markazi xodimi Nigora Xodjayeva, «Ruxsor» radiosidan Ziyovuddin Hakimov, «Anhor.uz»  muxbiri Lobar Islamova, «Muloqot TV» muxbiri Odil Xo‘jayev, «Jizzax TV» vakili Nabijon Ergashev, «S-Iqbol»dan    Xayrullo Quronboyev, «Ellikqal'a TV» xodimi Tamara Jumaniyozova, «Nasaf TV»dan  Dilnoza Mamadaliyeva,    «Ishonch TV»dan esa Elyor Go‘ro‘g‘liyev taqdirlandi.

Tadbir «O‘zbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: kelajak chaqiriqlari va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiyasiga ulanib ketdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbar hamda vakillari, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiya nodavlat ommaviy axborot vositalarining erkin, samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurilishidagi rolini muhokama qilish, uning dolzarb masalalari bo‘yicha tajriba almashish  maqsadida tashkil etildi. Konferentsiya ishi 6ta sessiyada ko‘rib chiqildi. Anjumanda «Bolalarni tarbiyalash va ularning rivojlanishdagi OAVning keng ko‘lamdagi faoliyati», «Mustaqil jurnalistikaning rivojlanishi: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot», «OAV, hukumat va fuqarolik jamiyati manfaatlarini ta'minlashdagi o‘zaro uyg‘unlik», «Parlament komissiyasi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash vositasi», «Xalqaro media standartlarning asoslari. Germaniya tajribasi», O‘zEOAVMA hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligi natijalariga oid masalalar muhokama etildi. Shuningdek, «Kelajak – bugundan boshlanadi» shiori ostida «Ozod yurt to‘lqinlari» XI an'anaviy media-festival ham o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari davrasida milliy  jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan nodavlat teleradiouzatuvchilarning eng yaxshi ijodiy va texnik xodimlari «Innovatsion yondashuv uchun», «Oilaviy  qadriyatlar doim trendda», «Tezkor, aniq va batafsil», «Markazda yoshlar», «Hududda yetakchi», «O‘zEOAVMAning eng yaxshi media loyihalari» nominatsiyalar bo‘yicha telestansiya va radiostansiya vakillari takdirlanishdi. Shuningdek, «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini yoritishda faol hamkorligi uchun», «Nodavlat teleradiouzatuvchilar rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun», «O‘zEOAVMA bilan ishonchli va uzoq yillik hamkorligi uchun», «Bolalar va yoshlar yo‘nalishidagi faol hamkorlik uchun», «O‘zEOAVMA bilan samarali ijtimoiy sheriklik uchun» nominatsiyalari bo‘yicha esa hamkor tashkilotlar taqdirlanishdi. G‘oliblarga «Ozod yurt to‘lqinlari» haykalchalari, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Top