16:57 / 25.11.2018
100210

Xuddi kinolardagidek: Pekin - Toshkent yo‘nalishidagi samolyot bortida tug‘ilgan chaqaloq hikoyasi

Dunyoning ishlari kishini doim hayratga solib, o‘ylantirib kelgan. Yaratgan mo‘'jizasi bilan sodir bo‘lgan shunday voqealarga guvoh bo‘lasanki, qalbing o‘z-o‘zidan buni tasdiqlaydi. Parvoz vaqtida beshinchi farzandini dunyoga keltirgan o‘zbekistonlik ayol hikoyasi internet tarmog‘i foydalanuvchilarining ana shunday hayratiga sabab bo‘ldi. Voqea, aslida, qanday bo‘lgan, ko‘zi yorish arafasida ayolga kimlar, qay tarzda yordam ko‘rsatishgan edi?

«Kun.uz» tahririyatining bugungi mehmonlari tibbiyot fanlari doktorlari, professor Gulsara Yeshimbetova hamda professor Rahmatilla Niyozmetovdir. Aynan ular beshinchi farzandini samolyotda dunyoga keltirishga majbur bo‘lgan onaga yordam berishgan. Bu haqda mehmonlar shunday hikoya qilishadi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

«Biz Xitoyga «bachadon bo‘yni saratoni profilaktikasi» bo‘yicha innovatsion texnologiyani o‘rganish bo‘yicha borgan edik. Safarimiz bir hafta davom etdi. Pekin shahridan O‘zbekistonga qaytayotganimizda, mana shu hodisa sodir bo‘ldi», — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Gulsara Yeshimbetova.

«Biz, avvalo, ko‘zi yorigan onaga ham, chaqaloqqa ham, uning otasi, bobo-buvilariga ham salomatlik tilaymiz. Bolani dunyoga keltirish fiziologik jarayon. Ya'ni, uyda ham, tug‘ruqxonada ham bolani dunyoga keltiraverishgan. Ammo 10 ming metr balandlikda beshinchi bor tug‘ayotgan ayolga yordam ko‘rsatish, juda qiyin va shu bilan birga o‘ta mas'uliyatli bo‘ldi», — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Rahmatilla Niyozmetov.

Hikoyani Gulsara Yeshimbetova davom ettirdi.

«Parvozga yarim soat bo‘lganida, birdan e'lon qilindi. «Samolyotda favqulodda holat yuzaga keldi, bemor bor. Orangizda shifokorlar bormi?», deya ingliz tilida murojaat bo‘ldi. O‘rnimizdan otilib turib, voqea joyiga tezda yetib bordik. Borganimizda orqa o‘rindiqlardan birida ayol yotar, og‘riqdanmi, hayajondanmi ranglari oqarib ketgan edi. Uni darrov orqa salonga oldik.

Professor Gulsara Yeshimbetova

O‘sha vaqtda ayolni ko‘pchilik o‘rab olgan, shovqin-suron ko‘tarilgan muhit bo‘lgan. Eng qiyini qaror qabul qilish edi. Chunki, atrofdan turli takliflar tushayotgan, hatto samolyotni qaytarish masalasi ham ko‘rilayotgan edi. Shifokorlar bu vaziyatda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi, bosiqlik bilan zarur choralarni ko‘rishdi. Avvalo, ayolning yurak urishi sanaldi. Puls 120-124 edi. Mutaxassislar o‘z ishlarini juda yaxshi bilishardi, ammo shu bilan birga xavotirlari ham bor edi... Bu haqda Rahmatilla Niyozmetov shunday deydi: «Ayolning beshinchi bor tug‘ishi edi. Semizlik, yurakdagi holat va qon ketish xavfi sabab biz biroz xavotirlandik. Bu bir qaraganda ko‘rindi. Tug‘ruqni men qabul qilib oladigan bo‘ldim, chaqaloqqa esa Gulsara Yeshimbetova yordam beradigan bo‘ldi. Homila 34-35 haftalik edi. Kindik qanday qilib kesiladi, nima bilan bog‘lanadi, bolaga infeksiya yuqtirmaslik uchun nima qilish lozim, zarur tibbiy asbob-uskunalar bormi, mana shu muammo edi».

Tug‘ruq jarayoni boshlangach, samolyot bortida mavjud barcha tibbiy qutilar olib kelinadi, hatto uchuvchi xonasidagi ham. Bolani tug‘dirish uchun maxsus joy qilinadi. «Xitoylik styuardessalarning qo‘rquvdan ko‘zlari chiqayozadi, ularni-da xotirjam qilishga harakat qildik», — deydi shifokorlar. Ular har tomonlama tayyorlanishdi: tug‘ish jarayonida qon ketib qolsa nima bo‘ladi, shunday bo‘lgan taqdirda uni to‘xtatish uchun nimalar bor va hokazo. Bundan tashqari, shifokorlarning ta'kidlashicha, tug‘ruq vaqtida bolaning og‘ziga homila suvi kirib qolar, buning oqibatida esa, bolaning nafas olishi qiyinlashar ekan. Tabiiy sharoitda unga yordam ko‘rsatilib, og‘zidagi suv chiqarib yuborilar ekan. Bu vaziyatda esa shifokorlarda bunday imkoniyat yo‘q edi.

Hammasi yaxshi tugadi. 35 yillik tajribaga ega shifokorlar umrlarida ilk bor, 10 ming metr balandlikda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatda ko‘zi yoriyotgan onaga yordam berishdi. Bor mahoratlarini ishga solishdi. Ona ham, bola ham aziyat chekmasliklari uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishdi. Shunday qilib, 24 noyabrga o‘tar kechasi, soat 01:00larda 10 ming metr balandlikda Pekin - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan CZ6027 reysi samolyoti bortida chaqaloq dunyoga keldi. 300 nafarga yaqin yo‘lovchi o‘rnidan turib, shifokorlarni olqishlashdi. Samolyot Pekinga qaytdi. Ayni damda ona va bola Pekindagi Hemujia kasalxonasiga joylashtirilgan.

Professor Rahmatilla Niyozmetov

Suhbat yakunida shifokor Gulsara Yeshimbetova ayollarga quyidagicha tavsiyalar berdi: «Xotin-qizlarimiz o‘z salomatliklariga juda bee'tibor. Bolam-chaqam deydi. Ishlarini qiladiyu, lekin sog‘lig‘iga qaramaydi. Ha, tug‘ruq fiziologik jarayon, ammo bungacha bo‘lgan jarayonga e'tiborliroq bo‘lish lozim. Ertaroq shifokor navbatiga yozilishi, shifokor aytgan barcha ko‘rsatmalarni bajarishi, o‘z vaqtida murojaat qilishi zarur. Tug‘ruq davri katta paytlarda yo‘lga chiqish kerakmas. 12 haftagacha samolyotga o‘tirish mumkin emas. Nega? Chunki 60 foizdan ko‘p tug‘ruq tushish holati mana shu 12 haftagacha bo‘ladi. Butun dunyo bo‘yicha bir qarorga kelingan – homilador ayolni 28 haftadan keyin samolyotga chiqarmaydi. Chunki 12 va 28 haftalik vaqt orasida bola juda yengil bo‘ladi. Tepaga ko‘tarilgach, bola pastga qarab tortiladi va tug‘ruq holati vujudga kelib qolishi mumkin. Ayol sog‘lom bo‘lgachgina homilador bo‘lgani afzal. Chunki kasalmand homilador ayolga ko‘p dori berib bo‘lmaydi, sababi bolaga nojo‘ya ta'sir o‘tkazadi».

Mavzuga oid
Top