18:30 / 29.11.2018
5968

O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur huquq vaziri va bosh prokurori bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi qo‘shma delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida yuqori darajadagi qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.

O‘zbekiston adliya vaziri R.Davletov Singapur huquq vaziri K.Shanmugam bilan uchrashdi. Tomonlar mamlakatlardagi islohotlar va zamonaviy tendensiyalar oqimida vazirliklar faoliyatini takomillashtirish, jumladan, norma ijodkorligi, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, aholiga davlat xizmatlarini taqdim etish, shuningdek, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida xabardorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, xodimlar malakasini oshirishni tashkil etish, qo‘shma seminar va treninglarni o‘tkazish to‘g‘risida bitimga kelishildi.

28 noyabr kuni R.Davletov va O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev Singapurga tashrifi doirasida Singapur bosh prokurori L.Vong bilan uchrashdi.

Tomonlar korrupsiyaning oldini olish va qarshi kurashishning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qildi. Ayniqsa, milliy korrupsiyaga qarshi dasturlarini samarali amalga oshirish uchun eng yaxshi global bilimlar va ilg‘or tajribalar sohasida tajriba almashinish alohida ta'kidlandi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur vakillariga mamlakatimizda harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Xususan, qonunchilik bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli va izchil chora-tadbirlar, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha faoliyat, ushbu sohadagi so‘nggi ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi davlat siyosati korruptsion xavf-xatar ro‘y berishining sabab va sharoitlarini kompleks o‘rganish, bunday jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘sish, jazoning muqarrar prinsipini ta'minlashni nazarda tutishi ta'kidlandi. 

Joriy yilning yanvarida "Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonun asosida Respublika idoralararo komissiya tomonidan tuzilgan 2017-2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi. Mezbon tomon O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar va islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda shuningdek, ikki mamlakat davlat organlari o‘rtasida jinoyat, jumladan, korrupsiya namoyon bo‘lishining turli shakllariga qarshi kurash sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda tajriba almashish to‘g‘risida bitimga kelishildi.

Bundan tashqari, Singapurga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha dunyodagi eng muvaffaqiyatli tashkilotlardan biri bo‘lgan Singapur korrupsiya harakatlarini tergov qilish byurosi faoliyati bilan tanishdi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, byuro rahbariyati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xodimlarning malakasini oshirish sohasida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bitimiga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi shuningdek, Singapur davlat xizmati kolleji faoliyati, ta'lim jarayonining tashkil etilganligi bilan tanishdi, o‘quv yurti rahbariyati bilan konstruktiv uchrashuv o‘tkazdi.

Mavzuga oid
Top