20:53 / 06.12.2018
5921

Blumberg prezident saylovlarida ishtirok etsa Bloomberg’ni sotib yubormoqchi

Foto: Carlos Jasso / Reuters

Nyu-Yorkning sobiq meri va mediamagnat Maykl Blumberg AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda ishtirok etadigan bo‘lsa, o‘zining biznesi – Bloomberg axborot-tahliliy agentligini sotib yuborishga tayyorligini ma'lum qildi.   

Blumbergning ta'kidlashicha, agar u saylovlarda ishtirok etishga qaror qilsa, Bloomberg’ni trastga topshiradi yoki sotib yuboradi. Mediamagnatning aytishicha, uning keksa yoshi (76 yosh) hisobga olinsa, u istalgan vaziyatda biznesini sotishga qarshi emas. “O‘ylaymanki, mening yoshimda sotish imkoni bo‘lsa, buni qilgan bo‘lardim. Qandaydir onda barchamiz boqiy dunyoga ketamiz, shu sababli buni ungacha amalga oshirish yaxshiroq bo‘lardi”, deb aytgan milliarder.

Blumberg saylovlarda ishtirok etgudek bo‘lsa, Demokratik partiya nomidan nomzodini ilgari surishini ta'kidlab o‘tgan. “Birinchidan, men butun hayotim davomida demokrat bo‘lganman va o‘ylaymanki, menda uzoq vaqt davomida aynan bir xil qadriyatlar saqlangan”, deb aytgan mediamagnat.

Blumberg o‘z kompaniyasiga 1981 yilda asos solgan, hozir unga kompaniyaning 88 foiz aksiyasi tegishli. Forbes talqiniga ko‘ra, Blumbergning boyligi 46,2 mlrd dollarni tashkil qiladi (dunyoning eng badavlat odamlari ro‘yxatida 10-o‘rin). Forbes’ning ma'lum qilishicha, milliarder o‘qotar qurolni nazorat qilish, iqlim o‘zgarishi bilan kurashish va boshqa maqsadlarga 5 mlrd dollar xayriya qilgan.

2002 yil yanvaridan 2013 yil 31 dekabrigacha  Nyu-York meri bo‘lgan. Blumberg 2001 yilda mer lavozimiga saylovlardagi ishtirokigacha demokrat bo‘lgan, biroq saylovlarda Respublikachilar partiyasi nomzodi sifatida ishtirok etish uchun partiyani tark etgan. U 2007 yilgacha respublikachi bo‘lib qolgan. 2018 yil oktabrda u yana Demokratik partiyaga a'zo bo‘lgan.

Mediamagnat 2016 yildagi AQSh prezidenti saylovlarida ham mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishni rejalashtirgan, biroq nomzodini ilgari surmagan.

Blumberg keyingi saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha yakuniy qarorni 2019 yil boshida qabul qilishga va'da berdi. AQSh prezidenti lavozimi uchun keyingi saylovlar 2020 yil 3 noyabriga belgilangan.  

Mavzuga oid
Top