20:45 / 06.12.2018
7205

PFL Sergey Lushchanning faoliyatini cheklashi mumkin

O‘zbekiston Professional futbol ligasi «So‘g‘diyona» futbol klubi bosh murabbiy Sergey Lushchan bilan shartnomani uzaytirgani haqidagi xabarlarga izoh berib, klubni rasman ogohlantiradi.

Birinchidan, Sergey Lushchan ayni vaqtda «Bunyodkor» futbol klubi bilan sudlashayotganidan va bu ishni O‘FAni chetlab o‘tib, boshqa organga oshirganidan kelib chiqib, rasman tushuntirish berishi kerak bo‘ladi. Yo‘qsa, PFL mazkur ishni O‘FA ijroqo‘mi byurosiga qadar oshirib, FIFA nizomlariga zid harakati uchun Lushchanni O‘zbekistonda faoliyat olib borishini cheklash bo‘yicha ish ochishni so‘raydi.

Ikkinchidan, Sergey Lushchan «Bunyodkor» klubi bilan shartnoma tuzayotgan vaqtida ayrim qonun hujjatlariga zid keluvchi holatlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin. «Bunyodkor» futbol klubining bu shubhasi o‘z tasdig‘ini topsa, har ikki tomon bu masala yuzasidan tegishli organlar oldida javob berishi kerak bo‘ladi.

Uchinchidan, «So‘g‘diyona» futbol klubining Professional futbol ligasi oldida qarzdorligi mavjud. 2019 yilgi mavsum uchun klublarni litsenziyadan o‘tkazish reglamenti allaqachon «So‘g‘diyona» klubiga elektron shaklda jo‘natildi va PFL rasmiy saytida e'lon qilindi. Demak, qarzdorligi mavjud klublar transfer oynasida faol bo‘la olmaydi. Bu holat bosh murabbiylar bilan tuziladigan shartnomalarga ham taaluqlidir.

«So‘g‘diyona» futbol klubi yuqoridagilarni inobatga olib, barcha ish risoladagidek bo‘lishini ta'minlashi so‘raladi. Yo‘qsa, klub va murabbiy o‘rtasida tuzilgan shartnoma PFL tomonidan tan olinmaydi, deyiladi PFL bayonotida.

Top