17:36 / 06.12.2018
4121

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi kubogi musobaqasi o‘z yakuniga yetdi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining mamlakat futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda jurnalistlar va nashriyot xodimlari  o‘rtasida o‘tkazgan mini-futbol musobaqasi nihoyasiga yetdi.
 
Besh kun davomida 24ta jamoa olti guruhga bo‘lingan holda kurash olib bordi. 

Uchinchi o‘rin uchun bahsda maydonga “Sharq” nashriyoti va “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyati vakillari tushishdi. Murosasiz va keskin o‘tgan o‘yinda gazeta xodimlari g‘alaba qozonishdi. 
 
Finalda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining MTRK jamoasi Zoʻr TV jamoasiga qarshi saf tortdi. Chinakam jangovar kayfiyatda va deyarli teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda MTRK jamoasi Zoʻr TV jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
 
Musobaqaning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari O‘ktam Hamroyev va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayev birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan MTRK, Zoʻr TV hamda “Xalq so‘zi” gazetalari jamoalariga oltin, kumush va bronza medallarini, shuningdek, diplomlarni topshirishdi.  G‘olib jamoaga o‘n million so‘m, sovrindorlarga esa sakkiz va olti million so‘m pul mukofotlari, kitoblar jamlanmasidan iborat maxsus sovg‘alar taqdim etildi.
 
Aksariyat musobaqalarda bo‘lgani kabi, bu turnirda ham eng yaxshilar aniqlandi. Jumladan, eng yaxshi darvozabon Jamoliddin Hikmatov (Zoʻr TV), eng yaxshi himoyachi Hakimjon Yo‘ldoshev (“Xalq so‘zi”), eng yaxshi yarim himoyachi Azimjon Imomov (“Sharq”), eng yaxshi to‘purar Muhammadali O‘ktamov (“O‘zbekiston” NMIU) hamda eng yaxshi o‘yinchi Jahongir Qayumov (MTRK) deb topildi va ularga ham maxsus sovg‘alar topshirildi.
 
Bu musobaqada ishtirok etgan Kun.uz sayti jamoasi guruh bosqichidan o‘tolmagan edi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi kubogi
6 dekabr

Uchinchi o‘rin uchun bahs
“Sharq” - “Xalq so‘zi” – 0:2
 
Final
Zoʻr TV – MTRK – 0:2

Mavzuga oid
Top