22:19 / 07.12.2018
4565

O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki qachon ish boshlashi ma'lum qilindi

O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki 2019 yilning mart oyida ish boshlaydi. O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki faoliyatiga bag‘ishlangan biznes-brifing doirasida shu haqida ma'lum qilindi. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i S.Odinayev brifingda “To‘qimachilik texnoparkini rivojlantirish va tashkil etish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.

“O‘zbekiston-Koreya texnoparki to‘qimachilik sohasidagi innovatsion g‘oyalarni olimlar va korxonalarning o‘zaro hamkorligi orqali amalga oshirishga qaratilgan loyihadir. Ayni kunlarda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki qurilishining yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda. 2019 yilning mart oyida O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki ish boshlaydi”, - deya ma'lum qildi Odinayev.

“Geongi Daejin” texnoparki mutaxassislari “To‘qimachilik texnoparkining asosiy funksiyalari va vazifalari” mavzusida taqdimot o‘tkazishdi. Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri yengil sanoat sohasidagi o‘zbek korxonalariga Janubiy Koreyaning sohaga oid eng zamonaviy innovatsiyalarini jalb qilish va amalga oshirishni tashkil etishdan iborat. Bundan tashqari, materialshunoslik, bo‘yash va bezash, mato va kiyim-kechaklarni loyihalash, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish ham texnopark vazifalariga kiradi.

Janubiy Koreya ekspertlari guruhi ishtirokchilarga Toshkentdagi To‘qimachilik texnoparki faoliyati, uning asosiy vazifalari, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishdagi o‘rni haqida so‘zlab berishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, texnoparkning bir qismida yuqori texnologiyali ofis binosi joylashtiriladi, shuningdek quyosh panellari bilan jihozlangan texnologiyalar yordamida eksperimental ishlab chiqarishni tashkil etish uchun umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan alohida bino quriladi.

Bundan tashqari, texnopark zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, ular yangi mahsulotlar prototiplarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bunga qirq nafardan ortiq tadqiqotchi, shu jumladan Koreya Respublikasi mutaxassislari yordam beradi.

Texnopark binosi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan. Ofislardan tashqari, u kimyoviy, biologik, ekologik laboratoriyalar hamda ishlab chiqarish ustaxonasini tashkil etadi.

To‘qimachilik sohasida olimlar va korxonalarning o‘zaro hamkorligi orqali innovatsion g‘oyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonning yuzdan ortiq talabalari va magistrlari Koreya institutlarida, maxsus to‘qimachilik texnoparklarida malaka oshirishi muntazam yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbir doirasida joriy yilning noyabr oyida Koreya Respublikasidagi amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagan mahalliy sanoat mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi.

Yakunda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “Geongi Daejin” texnoparki va “Geonji trikotaj sanoat kooperatsiyasi” o‘rtasida to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlik qilishga oid anglashuv memorandumi imzolandi. Shartnomada innovatsion to‘qimachilikni rivojlantirish va sanoat xodimlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, tashkilotlarning rivojlanishi, texnologiya transferi va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Ma'lumot uchun: 2017 yilning 7 fevralida O‘zbekiston Prezidentining qaroriga asosan Koreya Respublikasi hukumati tomonidan 15 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirilgan O‘zbek-Koreya texnoparkini qurish boshlangan.

Mavzuga oid
Top