23:36 / 09.12.2018
9266

Eron Hind okeanida katta ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini ma'lum qildi 

Eron harbiy-dengiz kuchlari yanvarda Hind okeanida katta ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda ERON HDK qo‘mondoni o‘rinbosari kontr-admiral Ali Kavianiy ma'lum qildi. 

“Bu qishda Hind okeanining neytral suvlarida o‘tadigan mashg‘ulotlarda flot tarkibiga yaqinda kirgan, “Gadir” sinfidagi suv osti kemalari ham ishtirok etadi”, deb ma'lum qilgan Kavianiy.  

Uning ta'kidlashicha, Eronda ishlab chiqilgan ushbu suv osti kemalari raketa quroli, torpedo va minalar tashiy oladi hamda desantni sohilga tashlay oladi. Suv osti kemalari hozirda Fors ko‘rfazining janubiy suvlarida harbiy navbatchilik olib bormoqda.

Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda dekabr boshida suvga tushirilgan eng yangi “Saxand” esminetsi ishtirok etadi. 1300 tonna sig‘imdorlik va 100 metr uzunlikka ega bo‘lgan kema 5 oy davomida avtonom suzishda bo‘la oladi.

Kavianiyning aytishicha, mashg‘ulotlardan maqsad Eron harbiy qudratini namoyish qilish va qurolli kuchlari mudofaa qobiliyatini oshirishdan iborat bo‘ladi. 

Avvalroq AQSh OAV Pentagondagi manbalarga iqtibos keltirgan holda AQShning John C. Stennis aviatashuvchi kemasi boshqa ikkita kema hamrohligida yaqin orada Fors ko‘rfaziga kirishini ma'lum qilgan. AQSh kemalarining ko‘rfazga kirishi oxirgi 8 oydagi ilk shunday operatsiya bo‘ladi. Kemalarning asosiy vazifasi oxirgi vaqtda AQSh-Eron munosabatlaridagi taranglikning kuchayishi ortida AQSh harbiy qudratini Eronga namoyish qilishdan iborat bo‘ladi. 

Top