18:10 / 26.12.2018
24468

Balandligi 20 metr: Sonora sahrosidagi ichida boyo‘g‘lilar yashaydigan ulkan kaktuslar

Kaktuslarning hamma turi ham gultuvakka sig‘mas ekan. Ularning orasida balandligi 20 metrga yetadigan va hatto qushlar yashaydigan joy vazifasini bajaradigan haqiqiy gigantlar ham bor. Aynan shunday kaktuslar Shimoliy Amerikaning Sonora sahrosida o‘sadi va davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Bu o‘simlikni yo‘q qilgan yoki unga zarar keltirgan shaxs qonunni buzgani uchun 25 yillik qamoq jazosiga mahkum etiladi.

Foto: TravelAsk

Sonora sahrosi Meksika va AQSh hududidagi Kaliforniya bo‘g‘ozidan shimolda joylashgan. Bu qum-toshli sahro 300 ming kv.km maydonni egallaydi va Shimoliy Amerikadagi yog‘ingarchilik eng kam bo‘lgan joy hisoblanadi. Biroq o‘ta yuqori harorat va yog‘ingarchiliklarning kam miqdoriga Sonoradagi o‘simliklarning 2 mingga yaqin va jonzotlarning 500 ta turi moslasha oldi. Sahroning eng mashhur o‘simligi ulkan kaktus — saguaro yoki gigant karnegiya hisoblanadi. Kaktuslar oilasining ushbu vakili Sonora endemiki sanaladi, ya'ni faqat aynan shu sahroda o‘sadi va dunyoning boshqa hech bir yerida uchramaydi. Shuning uchun kaktusning aynan shu turi va Sonora sahro ekotizimini qo‘riqlash maqsadida cho‘lning Amerika qismida Arizona shtati hududida Saguro milliy bog‘i tashkil etilgan.

Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk

Gigant karnegiya (lotincha — Carnegiea gigantea)ning balandligi 15–20 metrga yetishi mumkin. Poyasining diametri esa 65 santimetr. Tikanlarining uzunligi ham o‘ziga mos — 7 santimetrgacha. Rasmiy qayd etilgan rekord — balandligi 24 metr bo‘lgan saguaro kaktusi. Afsuski, u hozirda mavjud emas — o‘simlik o‘tgan asrning 70-yillaridagi to‘fonda nobud bo‘lgan.

Vaqt o‘tgani sayin saguro poyasi qandil shakliga kiradi. Sahroning barcha kaktuslari kabi katta sagurolar yilda bir marta yomg‘ir mavsumi kelganida gullaydi. Holdan toydiruvchi qurg‘oqchilikdan keyin sahroga uzoq kutilgan namlik kelishi bilan saguro markazi sut rangidagi o‘nlab oq gullar bilan qoplanadi. Uning ko‘rinishi kishini hayratga soladi. Oqish rang bilan birgalikda sariq va qirmizi rangdagi gullar ham uchraydi.

Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk

Ulkan o‘lchami sabab kaktuslar sahro ekotizimida daraxtlar o‘rnini bosadi. Gullaydigan kaktuslar o‘z nektari bilan kolibri, uchuvchi sichqon va hasharotlarni jalb etadi. Ularning tanasi esa bir necha turdagi qushlar uchun uya vazifasini bajaradi.

Masalan, yapaloqqush yoki kaktus yapaloqqushi aynan saguro tanasida yashashni ma'qul ko‘radi. Tikonli poya endigina tuxumdan chiqqan polaponlarni yerdagi yirtqichlardan himoya qiladi. Shuning uchun bu turdagi polaponlarning jon saqlab qolishi70 foizgacha yetadi. Bu esa Shimoliy Amerika ukkilari o‘rtasida yuqori ko‘rsatkich sanaladi. Ushbu tur o‘z vakillari orasida eng kichigi hisoblanib, bor-yo‘g‘i 10-12 santimetrgacha o‘sadi. Qushlar ko‘pincha qizilishtonlar tomonidan ochilgan teshiklarda in sifatida yashaydilar.

Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk
Foto: TravelAsk

Saguaro 200 yilgacha yashashi mumkin. Kaktuslarning bu turi yuqorida aytib o‘tilganidek, Amerika qonunlari bilan himoya qilinadi. Biroq hatto bu ham yomon niyatli kishilarni to‘xtata olmaydi: brakonerlar ancha bo‘y cho‘zib qolgan namunalarni yerdan qazib olib, avtomobilga yuklaydilar va bog‘ chegarasidan olib chiqishadi. Gap shundaki, bu kabi ekzotika uchun katta pul olish mumkin. Saguro milliy bog‘ida har 10 yilda sayyoradagi eng baland kaktus hisob-kitob qilinadi. Bog‘dagi bir milliondan ortiq kaktuslar miqdorini sanash uchun bog‘ rahbariyati ko‘ngillilarni jalb etadi.

Mavzuga oid
Top