23:47 / 01.01.2019
4221

Jair Bolsonaru Braziliya prezidenti lavozimini bajarishga kirishdi 

Foto: AP

Braziliyadagi prezident saylovlari g‘olibi Jair Bolsonaru 1 yanvarda mamlakat rahbari lavozimini bajarishga kirishdi. U milliy kongressdagi (parlament) tantanali yig‘ilishda qonunchilik va sud idoralari vakillari, xorijiy mehmonlar ko‘z o‘ngida qasamyod keltirdi.  

“Konstitutsiyani saqlash, himoya qilish va unga rioya qilishga, qonunga amal qilishga, Braziliya xalqi manfaati uchun ishlashga, Braziliyaning birdamligi, yaxlitligi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga qasamyod qilaman”, deb aytgan Bolsonaru.

Braziliya yetakchilari amal qiladigan an'anaga ko‘ra, Bolsonaru milliy kongress binosiga yig‘ilganlarni qarshilab Rolls-Royce kabrioletida kelgan. U bilan birga mashinada rafiqasi Mishel va o‘g‘illaridan biri Karlos bo‘lgan. Avvalroq yangi prezident an'anani buzib, xavfsizlik nuqtai nazaridan usti ochiq mashinada yurishdan voz kechishi mumkinligi ma'lum qilingan. Gap shundaki, 2018 yil sentyabrda siyosatchiga namoyishlardan birida suiqasd qilingan va u olingan jarohatlardan keyin bir necha hafta shifoxonada tiklanishiga to‘g‘ri kelgan.

Yangi prezidentning mandati muddati 2022 yil 31 dekabrda yakuniga yetadi. 

Top