21:33 / 09.01.2019
24175

Pim Verbeyek: «Qandaydir besh soniya o‘yin taqdirini hal etdi»

O‘zbekiston – Ummon uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismi Ummon terma jamoasi bosh murabbiyi Pim Verbeyek ishtirokida o‘tdi.

«Juda yaxshi o‘ynadik, deb hisoblayman. Raqib darvozaboni mahorat ko‘rsatdi. Vaziyatlardan foydalana olmaganimiz oxir-oqibat hisobda o‘z aksini topdi. O‘zbekiston jarima zarbasidan hisobni ochdi. Birinchi o‘yinni bunday yaxshi saviyada o‘tganimiz muhim ahamiyatga ega. Umuman olganda, jamoamning o‘yinidan to‘la ko‘nglim to‘ldi, ammo natijadan mutlaqo qoniqmadim.

Bugun ochko olishga munosib edik. Pley-offga chiqish uchun kamida 4 ochko olish kerak. Kelgusi o‘yinimiz Yaponiyaga qarshi,  bu jamoa katta ehtimol bilan Osiyoning eng yaxshi termasidir. Turkmanistonni ham o‘rganganmiz – ular ham kuchli. Ammo biz Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Biz raqib jarima maydoni atrofida juda yaxshi o‘ynadik, buni hamma ko‘rdi. O‘yinchilarga aytdim: aynan yakuniy to‘p uzatishning muvaffaqiyatli bo‘lishi ko‘p narsani hal qiladi. O‘z vaqtida, aniq va qulay tarzda uzatilgan paslar bizga yetishmadi, shu boisdan ham ustunlikka erisha turib, mag‘lubiyatga uchradik. Yaponiya bilan o‘yingacha 3 kun bor, bu kamchiliklar ustida ishlaymiz.

O‘zbekiston 1:0 hisobida yutayotgan paytida himoyaga asosiy e'tibor berishga o‘tganini tushunaman. O‘zbekiston katta fidoiylik bilan o‘ynadi, markaziy himoyachisi qizil kartochka oldi. Men futbolchilarga «Nega endi biz ham shunday o‘yin ko‘rsatmaymiz?» dedim. Ummon kabi terma jamoalar shunday o‘yinlardan tajriba to‘plashi kerak. Ha, Yaqin Sharq mamlakatlari ichida biz yaxshi jamoamiz, ammo bu – Osiyo Kubogi.

Bor-yo‘g‘i, qandaydir 5 soniya o‘yin masalasini hal qildi. Jamoamizning saviyasi yuqori ekaniga ishonchim komil.  Hali 6 ochko ishlashimiz ham mumkin.

Birinchi o‘yindan kelib chiqib, qolaversa raqib Yaponiya ekanini hisobga olib, o‘zgarishlarga qo‘l urishimiz mumkin. Tarkibimizda barcha to‘la sog‘lom. Yaponiya terma jamoasi haqida yetarli ma'lumotga egaman. Turkmaniston ularga ikkita gol urib, ojiz nuqtalarini topa oldi. Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham bugungidek sifatli o‘yin ko‘rsatamiz, deb umid qilaman. Ehtimol, futbolchilarni almashtirmasdan, uslubga biroz o‘zgarishga qo‘l urarmiz. Chunki Yaponiya ancha hujumkor o‘yin ko‘rsatadi», – degan niderland mutaxassisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ummon terma jamoasi 2-turni 13 yanvar kuni Abu-Dabida Yaponiyaga qarshi o‘tkazadi.

Top