15:13 / 11.01.2019
15167

Belarus AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishdi

Foto: Belarus TIV

Belarus TIV va AQSh Davlat departamenti rahbariyati o‘rtasida so‘nggi vaqtlar ichida bir necha telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda 11 yanvar, juma kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz xabar berdi, deb yozmoqda BeLTA.

Diplomat so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar Belarus-Amerika munosabatlarining turli jihatlarini muhokama qildi. «Diplomatik etika qoidalariga ko‘ra, bu suhbatlarning batafsil mazmuni oshkor qilinmaydi», - deya tushuntirdi u.

10 yanvar kuni Belarus hukumati mamlakatda ishlashi mumkin bo‘lgan amerikalik diplomatlar soniga nisbatan cheklovni bekor qilgani xabar berilgandi. Bu haqda Amerikaning Foreign Policy jurnaliga Davlat departamentidagi manba aytib o‘tdi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bunday qaror Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey va AQSh davlat kotibining Yevropa hamda Yevroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Uess Mitchell o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda qabul qilindi.

Material mualliflari ta'kidlashicha, bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga olib kelishi mumkin. «Bu katta qadam. Bu munosabatlarning iliqlashuvi», - deya qayd etib o‘tdi jurnal suhbatdoshi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko Rossiyaga tahdid qilgandi.

Mavzuga oid
Top