18:32 / 12.01.2019
24578

Surxondaryoda «Shoh Mashrab» jome masjidi ochildi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida «Shoh Mashrab» jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Shoh Mashrab» jome masjidi jamoasining ma'lum qilishicha, masjidning yangi binosi xalq hashari bilan butkul qayta qurilgan. Masjidni tiklash ishlari 2017 yilning boshida boshlanib, 23 oy davom etdi. Bugun jome masjidining umumiy maydoni qariyb 8000 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Masjidning asosiy binosi balandligi 28 metrni tashkil etuvchi gumbaz, 43 metrlik katta minoradan iborat. Majmuaning loyihalashtirish va qayta tiklash ishlarida me'mor va quruvchilar Markaziy Osiyoda masjidlar qurish qoidalariga to‘liq amal qildilar.Imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur uskunalar, havoni tozalab beruvchi qurilma va konditsionerlar tizimi moslab o‘rnatildi. Masjid hovlisida dam olish joylari ham yaratildi.

Bir vaqtning o‘zida 2500 nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan ushbu masjidda kecha birinchi juma namozi ado etildi. Masjidning ochilishi va juma namozini o‘qib berish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Yunusobod tumani bosh imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy tashrif buyurgan.

 

Top