07:39 / 21.01.2019
8207

Dunyodagi milliarderlar soni 10 yil ichida 2 barobarga ko‘paygan

Foto: RIA Novosti

Dunyodagi milliarderlar soni oxirgi 10 yil ichida deyarli 2 barobarga ko‘paygan va 2018 yilda 2208 kishiga yetgan, ularning boyligi har kuni 2,5 mlrd dollarga ko‘payib borgan. Bundan xalqaro xayriya va gumanitar tashkilot Oxfam’ning Davosdagi Xalqaro iqtisodiy forum oldidan tayyorlagan tadqiqotida aytilgan.

Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, bu guruh odamlarining boyligi o‘sishi yiliga 900 mlrd dollarni tashkil qilgan va hozirda milliarderlarning umumiy boyligi tarixdagi eng ko‘pi hisoblanadi. Ta'kidlanishicha, 2017 yildan 2018 yilgacha dunyoda har ikki kunda yangi milliarder paydo bo‘lgan. 

Shu bilan birga Oxfam xavotirli trendni qayd qilgan: dunyoning 3,8 mlrd eng nochor odamlarining moliyaviy ahvoli o‘tgan yil ichida mutlaq yaxshilanmagan. 

Tashkilot olingan natijalarni taqqoslab, dunyoning eng boy 26 odamining umumiy boyligi 3,8 mlrd eng nochor odamning umumiy boyligiga tengligi haqidagi xulosaga kelgan. Tadqiqotda ta'qidlanishicha, dunyoning amaldagi eng boy odami Jyeff Bezosning boyligi 112 mlrd dollargacha ko‘paygan va bu boylikning bir foizigina 105 mlnlik aholiga ega Efiopiyaning sog‘liqni saqlash budjetiga tengdir.

Oxfam (Oxford Committee for Famine Relief) tashkiloti 1942 yilda Oksfordda ocharchilikdan aziyat chekuvchilarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Ayni vaqtda bu xayriya tashkiloti dunyoning 90 dan ko‘proq davlatida ishlovchi 17 ta tashkilotdan tashkil topgan. Tashkilotning maqsadi nochorlik muammolari va u bilan bog‘liq adolatsizlikni hal qilishdan iborat.

Mavzuga oid
Top