20:36 / 25.01.2019
23981

Samarqand viloyati hokimi senatorlikka saylandi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Oliy majlis Senati a'zosi sifatida saylandi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi. 

Samarqand shahrida Xalq deputatlari Samarqand viloyati, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ochdi. Qo‘shma majlisga xalq deputatlari viloyat kengashi deputati B.Sharofov raislik qildi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov nomzodi yig‘ilish oqsoqollar kengashi tomonidan Oliy Majlis Senati a'zoligiga taklif etildi. Deputatlar nomzod bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati a'zosi saylovi amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida o‘tkazildi. Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, 7-Istiqlol saylov okrugidan Samarqand viloyati Kengashi deputati, Samarqand viloyati hokimi Turdimov Erkinjon Oqbo‘tayevich Oliy Majlis Senati a'zosi etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, 11 yanvar kuni Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Erkinjon Turdimovning lavozimidan «v.b.» qo‘shimchasi olib tashlangan hamda viloyat hokimi etib rasman tasdiqlangandi.  

Erkinjon Turdimov 2018 yilning iyulida korrupsiya mojarosi doirasida ishdan olingan Turob Jo‘rayev o‘rniga Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.

Erkinjon Turdimov – 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1991-1995 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida bo‘lim mutaxassisi, «O‘zsanoatqurilishbank»ning Zarafshon bo‘limi pul muomalasi bo‘limida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Zarafshon bo‘limi boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan. 1995-1996 yillarda Zarafshon shahri hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. 1996 yildan 2000 yilgacha O‘zbekiston Milliy banki Navoiy bo‘limi boshqaruvchisi, 2000-2008 yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan.

2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. 2016 yil dekabridan 2018 yilning yoziga qadar Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Top